Rossiya va Ukraina asirlar almashinuvining yangi bosqichini boshladi
Olam
−
09 iyun 3537 2 daqiqa
Bugun, 9 iyun kuni Rossiya va Ukraina 25 yoshgacha bo‘lgan harbiy askarlarni almashtirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Ukraina nazorati ostidagi hududdan 25 yoshgacha bo‘lgan rossiyalik harbiy asirlarning birinchi guruhi qaytarib olingan. Bu almashinuv Istanbuldagi kelishuvlar doirasida amalga oshirilgan.
“25 yoshgacha bo‘lgan Rossiya harbiy xizmatchilarining birinchi guruhi qaytarildi. Ular evaziga Ukraina Qurolli kuchlarining ayni yoshdagi harbiy asirlari topshirildi”, deyiladi xabarda.
Ayni paytda Rossiyaga qaytgan askarlar Belarus hududida, u yerda ularga zarur psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Keyinchalik ular Rossiyadagi harbiy shifoxonalarga davolanish va reabilitatsiyadan o‘tish uchun yuboriladi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham o‘zining Telegram-kanalida ukrainalik bir guruh askarlar mamlakatga qaytarilganini yozgan, ammo Prezident ham Rossiya Mudofaa vazirligi ham qaytarilganlar sonini ochiqlamagan.
“Ukrainaliklar Rossiya asirligidan vatanga qaytmoqda. Bugun almashinuv jarayoni boshlandi va u yaqin kunlarda bir necha bosqichda davom etadi. Hozir qaytarilayotganlar orasida – og‘ir yaradorlar, shuningdek, 25 yoshgacha bo‘lgan harbiylar bor. Bu juda murakkab jarayon, ko‘plab nozik jihatlari bor, muzokaralar deyarli har kuni olib borilmoqda”, deya yozgan Zelenskiy.
Istanbulda o‘tgan muzokaralarda tomonlar “har bir asirni uyiga qaytarish” tamoyili asosida kelishuvga erishgandi. Bu bosqichda, xususan, og‘ir kasal va yaradorlar, shuningdek 25 yoshdan kichik harbiy xizmatchilar almashilmoqda.
Ukraina Mudofaa vaziri, delegatsiya rahbari Rustam Umarovga ko‘ra, tomonlar halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini “6000 ga 6000” formatida o‘zaro topshirishga ham kelishib olgan. Rossiya esa Kiyevga 6000 nafar halok bo‘lgan ukrainalik harbiy jasadini bir tomonlama topshirishga va’da bergan.
Ma’lumot uchun, urush boshlanganidan beri Rossiya va Ukraina 80 martadan ortiq asirlar almashinuvini amalga oshirgan. So‘nggi uch bosqich 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuvlardan keyin o‘tkazilgan.
Live
Barchasi