Rossiya va Ukraina yana mahbus almashinuvini amalga oshirdi
Olam
−
26 iyun 2025 2834 2 daqiqa
Rossiya va Ukraina yana asirga olingan harbiy xizmatchilarni almashdi, bu iyun boshidan beri yettinchi almashishdir. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Bugun Qurolli Kuchlar, Milliy gvardiya, Davlat chegara xizmati askarlari qaytmoqda. Ularning aksariyati 2022 yildan beri asirlikda”, deydi u.
O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi almashinuv 2 iyun kuni Istanbulda erishilgan kelishuvlarga muvofiq amalga oshirilganini ma’lum qildi.
“Hozirda rossiyalik harbiy xizmatchilar Belarus Respublikasi hududida bo‘lib, ularga zarur psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi bayonotda.
Ukraina harbiy asirlarni davolash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 25 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatchilar, shuningdek, yarador bo‘lgan va sog‘lig‘ida muammolar bo‘lganlar Ukrainaga qaytarilgan.
“Almashtirishning bugungi bosqichining o‘ziga xosligi shundaki, biz yosh askarlarni uyga olib kelishga muvaffaq bo‘ldik. Eng yosh himoyachi 24 yoshda, u 2022 yil aprelida Mariupol mudofaasi paytida, 21 yoshida qo‘lga olingan. Eng keksasi esa 62 yoshda”, deyiladi shtab xabarida.
Asirlarning katta qismi Mariupol mudofaasi paytida qo‘lga olingan. Bundan tashqari, Chernobil AESni qo‘riqlagan Milliy gvardiyachilar qo‘yib yuborilgan.
Kiyev ham, Moskva ham o‘z mamlakatlariga qaytgan harbiylar sonini aytmadi.
2 iyun kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokarada Rossiya va Ukraina og‘ir yaralangan askar va 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashish, shuningdek, urushda halok bo‘lgan 6 ming harbiy xizmatchining jasadini bir-biriga topshirishga kelishib oldi. Shundan so‘ng, harbiy asirlarning yetti marta almashinuvi bo‘lib o‘tdi – xususan, 9, 10, 12, 19 va 20 iyun kunlari.
Shu bilan birga, marhumlarning jasadlarini almashish davom etdi: Rossiya bir necha bosqichda Ukrainaga 6000 dan ortiq o‘lganlarning jasadlarini topshirdi, Rossiya tomoni da’vo qilganidek, Ukraina Qurolli Kuchlari ofitserlari va askarlari. Moskva Kiyevdan 78 qurbonning jasadini oldi.