Isroil yana bir masjidni vayron qildi
Olam
−
09 Oktabr 2023
11924Isroilning harbiy havo hujumlari oqibatida G‘azo sektori g‘arbidagi “Es-Susi” masjidi vayron qilindi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil havo kuchlari G‘azo g‘arbidagi Al-Shati qochqinlar lagerida joylashgan masjidga raketa zarbalari bergan.
Halok bo‘lganlar va yaradorlar haqida ma’lumotlar bor, ammo ularning aniq soni ko‘rsatilmagan.
Shu tariqa G‘azoda 7 oktyabrdan beri vayron bo‘lgan masjidlar soni 6 taga yetdi. Avvalroq Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib va Al-G‘arbi masjidlariga zarbalar bergan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Isroil hujumlarida 490 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 2750 dan ortiq kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, 7 oktyabrdan beri bosib olingan G‘arbiy Sohilda Isroilning o‘qqa tutilishi oqibatida 15 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Shuningdek, Isroil matbuoti 800 kishi halok bo‘lgani va 2300 dan ortiq isroillik jarohat olgani haqida xabar bergan.
Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
LiveBarchasi