Isroil G‘azo aholisini ataylab och qoldirmoqda — BMT
Olam
−
05 mart
3996Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotchilari genotsidda ayblangan Isroil blokadadagi G‘azo sektori aholisini ataylab ochlikda qoldirayotganini bildirdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
BMT vakillari Isroil armiyasining gumanitar yordam olib ketayotgan yuk mashinalari va yordam tarqatish punktlarida kutayotgan falastinlik tinch aholiga hujum uyushtirgani va kamida 118 kishining hayotiga zomin bo‘lganini qoraladi. Ular qamal ostidagi G‘azoda mahalliy oziq-ovqat ishlab chiqarish tizimining yo‘q qilinishini "ommaviy qotillik" deb atadi.
“Isroil 8 oktyabrdan beri G‘azo sektorida odamlarni qasddan och qoldirdi, hozir esa tinch aholi va gumanitar yordam karvonlariga hujum qilmoqda”, deya ta’kidlagan maxsus ma’ruzachilar.
BMT vakillarining bayonotiga ko‘ra, Isroil ularning koordinatalarini oldindan olgan bo‘lsada, insonparvarlik yordami olib ketayotgan yuk mashinalari karvonlariga qayta-qayta o‘t ochgan. Tel-Aviv xalqaro huquqiy majburiyatlar va Xalqaro sudning vaqtinchalik cheklov choralari haqidagi qarorlariga rioya qilmagan holda “dahshatli jinoyatlar” qilishda davom etmoqda.
Shuningdek, nazorat punktlarida yuklarni to‘sib qo‘yish, gumanitar yordam kolonnalariga hujum qilish va gumanitar yordam so‘rab kelayotgan tinch aholiga qarata o‘t ochish orqali Isroil G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini muntazam ravishda cheklagani qayd etildi.
BMT ma’ruzachilari G‘azo aholisi orasida misli ko‘rilmagan ochlikning tez tarqalishidan xavotirda ekanliklarini ta’kidlab, eksklavda keng tarqalgan ocharchilik xavfi haqida ogohlantirishlar bir necha oy oldin yangraganini eslatdi.
“BMT vakillari Tel-Avivning xalqaro insonparvarlik qonunchiligini buzishiga chek qo‘yish uchun Isroilga qarshi qurol embargosi va sanksiyalarni joriy etishga chaqirdi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 29 fevral kuni Isroilning G‘azo sektorida gumanitar yordam kutayotgan falastinliklarga hujum qilgani oqibatida 100 dan oshiq odam halok bo‘lgandi. BMT Xavfsizlik Kengashi esa AQSHning qarshiligi sabab mazkur holat uchun Isroil harbiylarini ayblagan bayonotni qabul qila olmadi. 3 mart kuni Isroil harbiylari G‘azo sektori markazida gumanitar yordam olib ketayotgan mashinaga zarba berdi, oqibatda 9 kishi halok bo‘ldi. BMTdagi tanqidlar fonida esa Isroil xalqaro tashkilotdagi doimiy vakili Gilad Erdanni “zudlik bilan maslahatlashish uchun” chaqirib oldi.
Sarvar Xurramov
LiveBarchasi