Isroil hujumi natijasida necha kishi vafot etgani ma’lum bo‘ldi 

Olam

image
0:00
0:00
download

Isroilning G‘azo sektoriga bergan aviazarbalari natijasida 126 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berilgan.  

“Isroilning G‘azo sektoriga tajovuzi natijasida 126 kishi, shu jumladan 31 nafar bola va 20 nafar ayol o‘ldirilgan”, deyilgan vazirlik ma’lumotida. 

Bundan tashqari, vazirlik 950 kishi turli xil tan jarohati olganini ma’lum qilgan. 

Avvalroq, Isroil zarbalari qurbonlari soni 109 nafarga yetgani haqida xabar bergandik. 

Quddusdagi vaziyatning keskinlashishi

7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinliklar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilgani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqargan. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Qizil yarim oy jamiyatining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil politsiyasining zo‘ravonliklari oqibatida 700 dan ortiq kishi jarohatlangan, shundan 333 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Shundan so‘ng, Falastinning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirgan: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni HAMAS harakati Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. 

Bunga javoban Isroil tomoni darhol 130 ta raketa bilan HAMAS harakati joylashgan G‘azo sektorini o‘qqa tutdi. Oqibatda esa 22 falastinlik, shu jumladan 9 bola halok bo‘ldi. HAMAS Isroilga 350 ta raketa bilan javob qaytardi.

11 may kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga zarbalar kuchi va chastotasini ko‘paytirish niyatida ekanini e’lon qildi.

Isroil politsiyasining qarshiligiga qaramasdan 13 may kuni 100 mingdan ziyod musulmon Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida Hayit namozini o‘qidi.

14 may kuni esa Isroil mudofaa kuchlarining havo va quruqlikdagi kuchlari G‘azo sektoriga hujum boshladi.

AQSHdagi Isroil bosh konsulligi oldida Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun miting o‘tkazildi. Aksiyada turk va musulmon jamoalari vakillari, shuningdek, Neturei Karta pravoslav yahudiy guruhi a’zolari ishtirok etdi.

12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning telefon orqali muloqotida Quddusdagi to‘qnashuvlar muhokama qilindi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga qo‘ng‘iroq qilib, Isroilga “saboq berib qo‘yishda” sherik bo‘lishni taklif qildi.

Pentagonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Isroil Mudofaa vazirligi siyosiy va harbiy departamenti direktori Zoara Palti hamda AQSH Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Kolin Kola “Isroil fuqarolariga qarshi terror hujumlarini” qoralagan va AQSH Isroilning huquqlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

14 may kuni Isroil bayhordagi mojarolar boshlanganidan beri G‘azoga qarata eng yirik havo hujumini amalga oshirdi. Hujumni quruqlikdan artilleriya va tanklar ham qo‘llab turdi.

Shuningdek, Isroilning Rossiyadagi elchisi Falastin bilan muzokaralarda yon berishga tayyorligini e’lon qildi.

Xalqaro hamjamiyatning reaksiyasi

Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi voqealarga tezda munosabat bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashi 10 may kuni Falastindagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, ammo yakunda hech qanday bayonot qabul qilinmadi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normalarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

O‘z navbatida, Isroil Bosh vaziri dunyo OAVni voqealar rivojini noto‘g‘ri talqin qilganlikda ayblab, mamlakat politsiyasining zo‘ravonliklarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Bundan tashqari Isroil rasmiylari mojarolar boshlanishi bilan “tutingan akasi” AQSHdan vaziyatga aralashmaslik va xalqaro bosim o‘tkazmaslikni so‘radi. Vashington esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga chaqirdi. Shuningdek, O‘zbekiston ham Al-Aqso masjidi daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.

Qolaversa, 11 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an qator musulmon davlatlar rahbarlari bilan Isroilning zo‘ravonliklarini muhokama qildi. Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiya Ozarbayjonni Armanistonga qarshi urushda qanday qo‘llagan bo‘lsa, Falastinni ham shunday qo‘llashi va bu fikrda oxirigacha sobit turishini ma’lum qildi.

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil

Baholaganlar

120

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing