Ishtahalar karnay! Putin Ukrainaga bosqinni to‘xtatish shartlarini aytdi
Olam
−
28 fevral 2022
101534Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqotda Ukrainadagi vaziyatni hal qilish uchun shartlarini ochiqladi. Bu haqda Kreml Matbuot xizmati xabar berdi.
Putin Ukrainaga qarshi o‘zi boshlagan urushni tugatish uchun hech tortinmay shartlar qo‘ygan. Kreml “xojasi” avvalo “Rossiyaning xavfsizlik sohasidagi qonuniy manfaatlari so‘zsiz hisobga olinishini istamoqda. Shuningdek, quyidagi talablar ham bor:
• Rossiyaning anneksiya qilingan Qrim ustidan suverenitetini tan olish;
• Ukraina davlatini demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilish vazifalarini hal qilish;
• Ukrainaning neytral maqomini ta’minlash.
Rossiya yetakchisining matbuot xizmatining ta’kidlashicha, suhbat fransuz tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. Makronning Rossiya tomonidan Ukrainaga uyushtirilgan tajovuz yuzasidan bildirgan fikrlariga javoban Putin o‘z shartlarini sanagan.
Putinning suhbatda Moskva Kiyev vakillari bilan muzokaralar uchun ochiq ekanini va ular “istalgan natijalarga” olib kelishiga umid qilayotganini qayd etgan.
U, shuningdek, Makronning e’tiborini rossiyalik harbiylar Ukrainadagi “tinch aholiga tahdid solmayotganiga” va “fuqarolik ob’ektlariga zarba bermayotganiga” qaratgan. Kremlning iddaosicha, tahdid tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanish uchun turar-joy dahalariga zarba qurollarini joylashtirgan ukraina millatchilaridan keladi.
Yelisey saroyi ham Makron va Putinning suhbati haqida xabar bergan. Kommyunikeda ta’kidlanishicha, Makron “xalqaro hamjamiyatning Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumini to‘xtatish talabini yana bir bor urg‘ulagan va zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini yana bir bor qayd etgan”.
“Respublika Prezidenti Rossiya Prezidentini vaziyatning yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun yaqin kunlarda aloqada bo‘lishni taklif qildi. Prezident Putin o‘z roziligini berdi”, deya qo‘shimcha qilgan Fransiya rahbari matbuot xizmati.
Makron Ukraina va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida muzokara boshlanganini aytib, Putindan joylarda quyidagilarga amal qilishni so‘ragan:
• tinch aholi va turar-joylarga hujum va zarba berishni to‘xtatish;
• barcha fuqarolik infratuzilmasini saqlab qolish;
• asosiy yo‘llar, jumladan kiyev janubidagi yo‘llar xavfsizligini ta’minlash.
Putin Makronning so‘rovini qabul qilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi