Imomo‘g‘li sudga olib kelindi. Ishga 30 prokuror jalb qilindi (video)

Olam

image

Hibsga olingan Istanbul hokimi Ekrem Imoto‘g‘li bugun, 22 mart kuni Istanbul politsiya boshqarmasida bayonot berish tartib-taomillari yakunlangach, Istanbul sud binosiga olib kelindi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Istanbul Bosh prokuraturasi 14 avtobusda Chag‘layandagi sud binosiga yuborilgan 90 nafar gumondor uchun 30 nafar prokuror tayinlangan. Katta politsiya karvoni ham avtobuslarga hamrohlik qildi.

Sud binosiga kiritilmagan advokatlar Istanbul Bosh prokurori Akin Gurlekga norozilik bildirdi.

Kecha, 21 mart kuni korrupsiya ayblovlari bilan bog‘liq 121 sahifalik savollarga javob bergan Imoto‘g‘li terror tergovi doirasida bugun, 22 mart kuni 5 soat davomida ko‘rsatma berdi. 18 sahifalik himoyasidan so‘ng Imomo‘g‘li sog‘lig‘i tekshirildi va prokurorga so‘z berish uchun Istanbul sudiga olib ketildi.

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.

Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Istanbul Ekrem Imoto'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing