Iltimos, sizni jazolashga bizni majbur qilmang – IIV fuqarolarga murojaat yo‘lladi
Jamiyat
−
30 may 2020
9282O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mamlakatda aholi orasida koronavirus yuqtirish holati ko‘paygani va odamlar karantin qoidalariga rioya qilmay qo‘ygani sababli o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.
“Oxirgi vaqtlarda karantin cheklovlari yumshatilib, ko‘pgina tashkilot va korxonalarga, tadbirkorlarga ish yuritishga sharoit yaratib berildi, odamlarning ko‘chaga chiqishiga imkon yaratildi. Lekin fuqarolarimiz bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, xavfli yuqumli kasallikdan butunlay xalos bo‘ldik degan tushuncha bilan, karantin qoidalariga bepisand munosabatda bo‘la boshladilar. Bozorlarimizda, savdo nuqtalarimizda ijtimoiy masofa saqlanmayapti, fuqarolar tibbiy niqobni ko‘p kunlar, xattoki xaftalar davomida almashtirmasdan taqmoqdalar, ko‘chaga niqobsiz chiqish holatlari kuzatilmoqda. Transportda yurish cheklovlariga rioya etilmayapti.
“Biz tushunamiz. Kunlar issiq, odamlar karantin cheklovlaridan charchashgan. qarindoshlari, do‘stlari bilan diydorlashishga oshiqishadi. Tog‘ yonbag‘rlariga chiqib, dam olishni xohlashadi. Kechki vaqtlarda oilaviy sayr qilgisi keladi. Daromad topish maqsadida ko‘p fuqarolar bilan muloqotda bo‘lishadi.
Lekin shu joyda e’tiboringizni ba’zi raqamlarga qaratmoqchimiz. Bugungi kunga kelib kasallik aniqlangan fuqarolarimiz soni 3 440 tadan oshdi, ulardan deyarli 20 foizi hali tuzalmagan, 14 kishi vafot etdi, 4 kishi og‘ir ahvolda. 46 ming 600 dan ziyod fuqaro karantinda qolmoqda eng achinarlisi biz bilgan 127 nafar fuqaroning kasallik yuqtirgan manbasi hanuzgacha aniqlanmagan. Shu bilan birga kasal bo‘lganini hech kimga bildirmasdan yoki koronavirus infeksiyasini yuqtirganini bilmagan holda uy sharoitida davolangan bemorlar haqida ham ma’lumotlar mavjud.
Xabaringiz bor, oxirgi vaqtlarda Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida koronavirus kasalligi aholi orasidan aniqlanmoqda. Bu raqamlar har kuni ko‘payib boryapti. Oxirgi ikki kunda Toshkent shahrining o‘zida ularning soni 30 taga yaqinlashdi. Bularning barchasi fuqarolarning gigiyena qoidalari va belgilangan cheklovlarga bepisand bo‘lishlari natijasidir.
Ichki ishlar organlari mutasaddi vazirlik va idoralarning xodimlari bilan birga kasallangan shaxslar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarni aniqlash, ularni tezkorlik bilan karantinga olish bo‘yicha murakkab tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirmoqdalar. Unutmang, kasallik tashuvchi shaxslar o‘zlari bilmagan holda oramizda yurishi mumkin. Shuning uchun, avvalo, o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligi uchun niqobsiz yurmang, maqsadsiz ko‘chaga chiqmang, zarurat tug‘ilganda bozor yoki do‘konga tushsangiz, ijtimoiy masofani qat’iy saqlang.
Tartibni saqlab qolish bizning burchimiz, ogohlantirish esa vazifamizdir. Iltimos, sizni jazolashga bizni majbur qilmang. Hech kim yana bir necha oy uyda o‘tirgisi kelmayapti. Buni qaytarmaslik o‘zimizning qo‘limizda”, deyiladi Ichki ishlar vazirligining o‘zbekistonliklarga yo‘llangan videomurojaaatida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusdan zararlanish holatlari 3513 taga yetdi. Bugungacha bemorlarning 2728 nafari sog‘aygan va 14 nafari vafot etgan. Hozirda 771 nafar bemor shifoxonalarda davolanyapti.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi.
Ammo karantin cheklovlari biroz yumshatildi. Xususan, “yashil” hududlarda belgilangan tartibda to‘y va oilaviy marosimlar o‘tkazishga hamda viloyatlararo harakatlanuvchi avtobuslar qatnoviga ruxsat berildi. 5 iyundan O‘zbekistonda futbol musobaqalarini davom ettirish belgilandi. Shu bilan birga barcha hududlar uchun birdek o‘z kuchida qoladigan cheklovlar ham e’lon qilindi.
LiveBarchasi