Zangiotada davolanayotgan koronavirus bemorlarining ahvoli haqida ma’lumot berildi
Salomatlik
−
19 yanvar 2022
11582Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bemorlarning 90-95 foizida saturatsiyaning pasayishi va o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. O‘pkada zararlanish deyarli kuzatilmayapti. Bu haqda shifoxona direktori Anvar Husanov ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, ayni vaqtda muassasada koronavirusga chalingan 1300 nafardan ziyod bemor davolanmoqda. So‘nggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari ko‘p kuzatilayotgani bois, 5 yanvardan shifoxonaga murojaat qilayotgan bemorlar soni ham keskin oshgan.
“Hozirda muassasamizga o‘rtacha kuniga 300-400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 200-300 nafari gospitalizatsiya qilinyapti. Vaholanki, yanvar oyining to‘rtinchi sanasiga qadar kuniga 65-70 ta murojaat bo‘lib, shundan 70 foiz bemor davolanishga yotqizilgan.
Bugungi kunda muassasamizga murojaat qilayotganlarning aksariyati yengil darajadagi bemorlarni tashkil qilmoqda. Ularda kasallik asosan, isitma, bo‘g‘imlarda og‘riq, bosh og‘rig‘i, holsizlik kabi oddiy respirator belgilar bilangina namoyon bo‘lyapti”, deydi Anvar Husanov.
Uning ta’kidlashicha, 5 yanvardan boshlab shifoxonaga kelayotgan 90-95 foiz bemorda saturatsiyaning pasayishi va o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. O‘pkada zararlanish deyarli kuzatilmayapti.
Davolanish muddati esa qisqarib, o‘rtacha 5 kunni tashkil qilmoqda. Eng muhimi, og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi remdesivir va boshqa dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoj kamaydi.
“Natijada bugungi kunda 190 o‘ringa mo‘ljallangan jonlantirish bo‘limida davolanayotgan bemorlar soni sezilarli darajada qisqardi. Vaholanki, “delta” shtammi avj olgan o‘tgan yil yoz oylarida reanimatsion bo‘limlarda bemorlar soni ancha ko‘p edi.
Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan ortiqcha sarosimaga berilmasliklarini, zarurat bo‘lmaganda yuqumli kasalliklarni davolash muassasalariga bormasliklarini, agar o‘zlarida kasallik belgilarini sezsa, darhol oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga, poytaxtimiz aholisi esa Toshkent shahrining 12 ta tumanida tashkil etilgan maxsus poliklinikalarga murojaat qilishlarini so‘raymiz. Eng muhimi, bevosita koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan amaliyotchi shifokor sifatida barchani kasallikka qarshi emlanishga, agar vaksina olgan bo‘lsa, buster dozalarini olishga chaqirib qolaman”, deydi shifokor.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 208271 nafarni tashkil etmoqda. Kecha, 18 yanvar kuni respublika bo‘ylab 1214 yangi bemor aniqlandi.
LiveBarchasi