Ikkiga bo‘lingan vazirlik, 6 yashar qizni zo‘rlab o‘ldirgan rossiyalik, “qonli yanvar” sirlari – 18 fevral dayjesti
Tahlil
−
18 fevral 2022
26456Jamiyat
Endi nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning boquvchilariga bir xil miqdorda nafaqa tayinlanadi
Endilikda nogiron bo‘lib qolishi muddatidan qat’i nazar nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir xil miqdorda 622 ming so‘mga teng nafaqa tayinlanib boriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kecha, 17 fevral kuni imzolagan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, nogiron bo‘lib qolishi muddatidan qat’i nazar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir xil miqdorda 622 ming so‘mga teng nafaqa tayinlanib boriladi. Daslabki hisob-kitoblarga asosan 49 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa 41 foizga oshadi. Mazkur chorani amalga oshirishga 2022 yilga qo‘shimcha 81 mlrd so‘m ajratiladi.
Sergelidagi avtomobil do‘konida yirik yong‘in yuz berdi
Bugun, 18 fevral kuni Toshkent shahar Sergeli tumani “Bunyodobod” MFY Yangi Sergeli ko‘chasida joylashgan yuk avtomobillari va ehtiyot qismlarini sotish do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi. Tuman FVBga bu haqda soat 03:30 da xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 03:36 da yetib borib, yong‘in soat 03:58 da qurshab olingan va soat 04:10 da bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida do‘konning 900 kvadrat metr maydonida ichki shift qismi va tashqi alyukobond qoplamasi yonib zararlangan.
Chirchiqda yo‘lovchi poyezdi ishchini urib ketdi
Joriy yilning 16 fevral kuni Toshkent viloyatidagi korxona hududida yo‘lovchi poyezdi ishchilardan birini urib yubordi. Oqibatda u voqea joyida vafot etgan.
Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti xabariga ko‘ra, fojia Chirchiq transformator zavodida yuz bergan.
Korxona ishchi xizmatchisi bo‘lgan Sh.K.ni Chirchiq tumani “Chirchiq-Aranchi” temir bekati 38 km.da Toshkent-Xojikent yo‘nalishidagi shaharlararo qatnovchi yulovchi poyezd urib yuborgan.
Bir vazirlik ikkiga bo‘lindi va ularga vazirlar ma’qullandi
2021 yilning 6 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan tashkil qilingan Turizm va sport vazirligi bugun, 18 fevral kuni ikkiga — Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligiga ajratildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari –Turizm va meros vaziri lavozimiga Aziz Abduhakimov nomzodini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
Shundan so‘ng deputatlar Sportni rivojlantirish vaziri lavozimiga Adxam Ikramov nomzodini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
Ortiqxo‘jayevning o‘rnini Allamjonov egallaydimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga jamoat fondi Matbuot kotibi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Komil Allamjonov Toshkent shahar hokimi lavozimini egallashi haqidagi xabarlar asosga ega emas.
“Jurnalist va blogerlardan turli asossiz mish-mishlarlarning tarqalishiga hissa qo‘shmaslik, axborot tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.
Namanganda o‘qituvchi vazifa bajarmagan o‘quvchilarini sinf oldida izza qildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida uyga berilgan vazifani bajarmagan 1-sinf o‘quvchilarini doskaga chiqarib, ularni izza qilinayotgani aks etgan video tarqaldi.
Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi Matbuot xizmati holatga munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganilgan.
O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 1-“v” sinf rahbari Shahnoza Madrahimova o‘qish darsi paytida sinfdagi 6 nafar o‘quvchi uy vazifasini tayyorlamagani va daftarlari qolib ketgani sababli bunday holat qaytarilmasligi va boshqa o‘quvchilarga saboq bo‘lishi uchun doska oldiga chiqartirib, qolgan o‘quvchilarga “uyat” deb gapirtirib, izza qildirgan. Bu jarayonlarni o‘zi uyali telefoniga tasvirga olib, ikki nafar o‘quvchi ota-onasining Telegram’iga jo‘natgani aniqlangan.
O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 9 pog‘ona pastladi
Heritage Foundation (“Meros” jamg‘armasi, AQSH) tomonidan “Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2022” navbatdagi hisoboti e’lon qilindi. Hisobotda O‘zbekiston 177 ta mamlakatlar orasida 55,7 ball (so‘nggi hisobotga ko‘ra reyting bahosi - 2,6 ballga pastladi) bilan 117-o‘rinni (2021 yilda 108-o‘rin) egallagan. Indeks metodologiyasiga muvofiq, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan erkin bo‘lmagan mamlakatlar guruhida qoldi.
So‘nggi besh yilda O‘zbekiston mazkur reytingda umumiy jihatdan qaraganda 35 ta o‘ringa yuqoriladi, biroq 2022 yil hisobotiga ko‘ra, 9 ta pog‘onaga pastlagan. Mazkur hisobot metodologiyasi, shu jumladan, bir qator indikatorlarning o‘zgarishi va indikatorlarning ballarni aniqlashda ularni hisoblash hamda xalqaro ma’lumotlar manbalarning o‘zgarishi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Surxondaryoda TTB feldsheri chaqiruvga piyoda bordi
Ijtimoiy tarmoqlarda Uzun tuman tez tibbiy yordam bo‘limi Chaqar mahallasi shoxobchasi feldsheri chaqiruv manziliga piyoda borib, bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatganligi aks etgan videolavha tarqaldi. Ushbu holatga Sog‘liqni saqlash vazirligi muunosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Uzun tumanida joriy yilning 13 fevral kuni soat 20:06 da tuman tez tibbiy yordam bo‘limi Chaqar mahallasi shoxobchasiga shu hududda yashovchi 76 yoshli fuqaro Q.M. tomonidan chaqiruv kelib tushgan.
Olam
Chiqmagan jondan umid. Rossiya yana AQSHdan kafolat so‘rab maktub yo‘lladi
Kremlning “Rossiya xavfsizligini kofolatlash” borasida yo‘llagan talabnomasiga AQSH va NATO inkor mazmunida javob xati yo‘llagan edi.
Ushbu javob xatlaridan qoniqmagan Kreml kecha, 17 fevral kuni AQSHning Moskvadagi elchisi Jon Sallivanga xavfsizlik kafolati bo‘yicha Vashington javobiga “reaksiya” sifatida yozma xat topshirgan. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
Rossiyaning AQSH javobiga “reaksiya” tarzida yo‘llagan xati 11 varoqdan iborat.
Bred Pitt Anjelina Jolini sudga berdi
Gollivud aktyori Bred Pitt o‘zining sobiq rafiqasi Anjelina Jolini rossiyalik tadbirkorga qo‘shma vino ishlab chiqaruvchi xo‘jaligini yashirincha sotganlikda ayblab, sudga berdi. Bu haqda TMZ sud hujjatlariga tayanib xabar bergan.
2021 yil iyul oyida Joli Pitt bilan qo‘shma aktivlarni sotishga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni bekor qilish uchun sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Xususan, aktrisa Fransiyada Nouvel vinosini ishlab chiqaruvchi Miraval Chateau kompaniyasidagi ulushini sotuvga qo‘ymoqchi bo‘lgan.
Lukashenko o‘zida yo‘q qurol bilan G‘arbga tahdid qildi
Belarus o‘z hududida nafaqat yadroviy, balki mamlakat muxoliflari tomonidan tahdid tug‘ilgan taqdirda istiqbolli “o‘ta yadroviy” qurollarni ham joylashtirishga tayyor. Bu haqda “abadiy Prezident” bo‘lishga da’vo qilgan Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.
“Agar kerak bo‘lsa, raqiblarimiz va dushmanlarimiz tomonidan shunday ahmoqona, foydasiz qadamlar qo‘yilsa, biz hududimizni himoya qilish uchun nafaqat yadroviy qurollarni, balki o‘ta yadroviy, istiqbolli qurollarni ham joylashtiramiz”, degan Lukashenko.
To‘qayev “qonli yanvar” sirlarini ochdi. Endi Qozog‘iston Putin va Rossiyaga qarammi?
Qozog‘istonda ro‘y bergan “Qonli yanvar” voqealarini bostirishda mamlakatga KXSHT kuchlarining kiritilishi to‘g‘ri qaror bo‘lgan. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qazaqstan” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Prezident To‘qayev jurnalistning “Siz Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib KXSHT tinchlikparvar kuchlarini Qozog‘istonga jo‘natishini so‘radingiz. Bu mamlakatimiz erkinligi va mustaqilligi endi Rossiyaning qo‘lida ekanini anglatadimi? Vaziyatdan ularning ishtirokisiz chiqib ketishning iloji yo‘qmidi? Hozir qaroringizdan afsuslanmayapsizmi?”, deya savol bergan.
Haydovchi ayollar: Saudiya Arabistonida 30 ish o‘rniga 28 ming kishi ariza topshirdi
Saudiya Arabistonida mamlakat tarixida birinchi bor 30 nafar ayolni mashinist sifatida ishga olish bo‘yicha e’lon berildi. Ishga kirish uchun 28 mingdan ortiq talabnoma kelib tushdi. Bu haqda Makka va Madina o‘rtasida tezyurar poyezdlar harakati uchun mas’ul bo‘lgan Ispaniyaning Renfe temir yo‘l kompaniyasi ma’lum qildi.
Kompaniya bir oy ichida juda ko‘p arizalarni qabul qilgan. O‘quv faoliyati va ingliz tilini bilishi baholangan onlayn test sinovlaridan so‘ng nomzodlar soni ikki barobarga kamaytirilib, 14 ming kishini tashkil etgan.
Mart oyining o‘rtalariga qadar kompaniya 30 nafar nomzodni tanlaydi. Bir yillik treningdan so‘ng ayollar Makka va Madina o‘rtasida har yili millionlab musulmon ziyoratchilar sayohat qiladigan poyezdlarni boshqaradi.
To‘qayev Nazarboyevning “qo‘lini kaltalatganiga” izoh berdi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qazaqstan” telekanaliga bergan intervyusi chog‘ida konstitutsiyaviy qonunlarga respublikaning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik Kengashi va Qozog‘iston xalqlari assambleyasiga umrbod raisligini bekor qiluvchi tuzatishlar kiritilganiga munosabat bildirdi.
“Bu aniq. Ilgari bunday qonunlar qabul qilingan bo‘lsa, endi ular kerak emas. Bu haqda to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirish kerak. Kelajakda bunday qonunlar qabul qilinmasligi kerak, deb hisoblayman. Ilgari kamchiliklar bo‘lgan, ammo bu bizning tariximiz. Tarixdan saboq olish har birimizning burchimizdir. Maqsadimiz yurtimiz kelajagini o‘ylash, yosh avlodga g‘amxo‘rlik qilishdir”, degan To‘qayev.
Afg‘onistonda 25 metrlik quduqqa tushib ketgan bola halok bo‘ldi
Bugun, 18 fevral kuni Afg‘onistonning Zobul viloyatida 25 metrlik quduqqa tushib ketganidan keyin qutqarilgan bola halok bo‘ldi. Bu haqda “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Anas Haqqoniy ma’lum qilgan.
“Afsuski, go‘dak Haydar bizni butunlay tark etdi. Mamlakatimiz bugun yana katta fojiani boshdan kechirmoqda”, deb yozgan Haqqoniy Twitter’da.
Rossiyalik erkak 6 yashar qizni zo‘rlab, o‘ldirdi
Tojikistonda rossiyalik erkak 6 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirganlikda ayblanib, 28 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Aziya-Plyus” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xatlon viloyatida vaqtincha yashovchi erkak 2016 yilda tug‘ilgan qizni zo‘rlab, o‘ldirgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu xabar haqida sud o‘tganidan ikki oy o‘tib, kecha 17 fevral kuni Tojikiston Bosh prokurori o‘zining rasmiy saytida ma’lum qilgan.
Rossiya Putin boshchiligida yadroviy triadasini ko‘z-ko‘z qiladi
Ertaga, 19 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin boshchiligida mamlakatda yadro triadasi kuchlari ishtirokida rejali o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar qilgan.
“19 fevral kuni Rossiya Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Vladimir Vladimirovich Putin boshchiligida strategik to‘xtatuvchi kuchlarning rejali mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi, uning doirasida ballistik va qanotli raketalar uchiriladi”, deyiladi xabarda.
Birinchi Prezidentning kuyovidan qolgan lavozimning egasi topildi
Qozog‘iston Milliy tadbirkorlar palatasining bugun, 18 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari qurultoyi ishtirokchilari Raimbek Batalovni palata prezidiumi raisi etib sayladi. Uchrashuv “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasining Facebook’dagi sahifasida translyatsiya qilingan.
“Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasining prezidiumi raisi umumiy ovoz berish yo‘li bilan saylangan. Batalov nomzodi qurultoy delegatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Batalov Qozog‘iston tadbirkorlari forumi raisi ham hisoblanadi.
Antikorrupsiya Nazarboyevlar oilasining ofshorlarini tekshirishi mumkin, lekin...
Qozog‘istonning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mamlakatning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev oilasining ofshordagi hisoblarini faqat qonuniy asoslar mavjud bo‘lganda tekshirishga haqli. Bu haqda agentlik direktori Marat Ahmadjonov parlament Majlisining yalpi yig‘ilishida ma’lum qildi.
U Majlisda noqonuniy olib qo‘yilgan mablag‘larni qaytarish yo‘llari haqida gapirdi. Yig‘ilganlardan biri Ahmadjonovga Nazarboyevlar oilasining chet elga pul mablag‘larini noqonuniy olib chiqib ketgani haqidagi xabarlar tekshiriladimi yoki yo‘qmi, degan savolni berdi.
LiveBarchasi