IIBda qiynoqqa solingan fuqaro vafot etdi. 3 nafar II xodimi qamoqqa olindi
Jamiyat
−
13 iyun 2020
46612Andijonda fuqaro Ichki ishlar xodimlari tomonidan qiynab, ruhiy azob berilishi natijasida shifoxonada vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ`ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.Abdukarimov tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga kelib tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Aniqlanishicha, IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvidagi ariza yuzasidan fuqaro A.Abdukarimovni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turganliklari oqibatida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.
A.Abdukarimov sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida 1 iyun kuni 3 nafar ichki ishlar xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jabrlanuvchi A.Abdukarimovga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan u 11 iyun kuni vafot etgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tergov organlaridagi qiynoq masalasida saytimizda ham jiddiy jurnalistik surishtiruv natijalari e’lon qilingandi. “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqolada “Bekobod metallurgiya ishi” jinoiy ishi bo‘yicha bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangani va ular Bosh prokuratura binosida ayovsiz tahqirlangani hamda qiynoqqa solingani haqida so‘z yuritilgan.