O‘zbekistonda Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi tashkil etiladi
Jamiyat
−
29 may 2020
10550O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’lum qildi.
Qaror loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qiynoqning oldini olish qo‘mitasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu qo‘mita huquqni muhofaza qiluvchi alohida organ, ya’ni insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash bo‘yicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi, o‘z faoliyatida Respublika Prezidenti va Oliy Majlisi palatalariga hisobdor bo‘lishi belgilangan.
Loyihada Qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida:
• jismoniy va yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlarini ko‘rib chiqish;
• qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish;
• jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish;
• qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning o‘rni qoplanishini ta’minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
• qiynoq holatlari sodir etilishiga sharoit yaratgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasi hal etilishini ta’minlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, loyihada ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar sutkaning istalgan vaqtida telefon orqali, shu jumladan videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasining “call-markazi”ni tashkil etish belgilangan.
Bundan tashqari, loyihada Qo‘mita qiynoqning oldini olish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul davlat organi sifatida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi bilan birgalikda faoliyatlarini o‘zaro muvofiqlashtirgan holda:
• ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar saqlanadigan joylarga muntazam ravishda monitoring tashriflarini amalga oshirishi, ushbu shaxslar bilan moneliksiz uchrashishi, uchrashish jarayonida tarjimon xizmatidan va ma’lumotlarni qayd etish uchun elektron vositalardan foydalanishi, shaxsni tibbiy, psixologik tekshiruvdan o‘tkazish uchun mutaxassislarni jalb qilishi;
• qiynoqdan himoyalanish huquqini ta’minlash masalasida yangicha dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan maxsus dastur bo‘yicha tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va jazoni ijro etish faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlarini har yili o‘qitishni yo‘lga qo‘yishi nazarda tutilgan.
Muhim jihatlardan yana biri, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalarida ushlab turilgan va qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqning barvaqt oldini olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha aniq huquqiy mexanizmlarni belgilash nazarda tutilgan.
Shuningdek, qiynoq uchun javobgarlik belgilovchi normalarni BMTning “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi Konvensiyasi” talablariga muvofiqlashtirilishini ta’minlash belgilangan.
Tergov organlaridagi qiynoq masalasida saytimizda ham jiddiy jurnalistik surishtiruv natijalari e’lon qilingandi. “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqolada “Bekobod metallurgiya ishi” jinoiy ishi bo‘yicha bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangani va ular Bosh prokuratura binosida ayovsiz tahqirlangani hamda qiynoqqa solingani haqida so‘z yuritilgan.
LiveBarchasi