Rossiya harbiylari Xersonda mahalliy aholini qiynoqqa solganlikda ayblanmoqda
Olam
−
13 aprel 2023
8630Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Rossiya harbiylarini Ukrainaning Xerson viloyatida mahalliy aholini noqonuniy hibsga olib, qiynoqqa solganlikda ayblamoqda. Bu haqda tashkilot hisobotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Rossiya harbiylari o‘tgan yilning mart-noyabr oylarida Xerson viloyati va uning atrofini bosib olish paytida mahalliy aholini noqonuniy ravishda hibsga olgan va qiynoqqa solgan. Tashkilot 34 nafar xersonlik fuqarolar, jumladan, o‘sha paytda hisbga olinganlar bilan suhbatlashish orqali shunday xulosaga kelgan.
Rossiya harbiylari butun ishg‘ol vaqtida shunday tarzda qamoqqa olishlarni davom ettirgan. Avval aholi orasida qo‘pol ravishda tintuv o‘tkazilgan, so‘ngra mahbuslarning boshiga qop kiydirib, 20 ta qamoqxonadan biriga olib ketilgan.
Hibsga olinganlarning oila a’zolari va yaqinlari ularning Xersondagi ba’zi ko‘chalarda, shahar ma’muriyati binosida, mahalliy aeroport angarida va shahardan 120 kilometr uzoqlikdagi maktabda qiynoqqa solingani va shafqatsiz munosabatga uchragani haqida aytib bergan.
Ta’kidlanishicha, mahbuslar yog‘och yoki rezina tayoqlar bilan kaltaklangan, elektr toki yordamida qiynoqqa solingan, ularga nisbatan o‘lim bilan tahdid qilingan hamda tibbiy yordamsiz qoldirilgan. Xalqaro inson huquqlari tashkiloti hisobotida aytilishicha, hibsdagilar Rossiya madhiyasini eshitish va aytishga majburlangan.
Rossiya qo‘shinlari Xersondan chekingan vaqtda bir necha mahbusni o‘zlari bilan olib ketgan. Ba’zilarini esa qo‘yib yuborgan.
Xerson viloyati prokuraturasi inson huquqlari himoyachilariga to‘rt-besh ming kishining hibsga olingani to‘g‘risida ma’lumotlarga ega ekanligini, ammo qamoqqa olinganlar ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytgan.
LiveBarchasi