Gulnora Karimovaning sobiq “dacha”si yana sotuvga chiqarildi
Jamiyat
−
07 Oktabr 2022
14349Davlat aktivlarini boshqarish agentligi E-auksion saytida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Sijjak” dam olish maskanini yana sotuvga qo‘ydi.
Oromgohning umumiy yer maydoni 5,38 gektar, bino va inshootlar maydoni 4039,56 kvadrat metrni tashkil etadi. Majmua hududida mehmonxona binolari, bir nechta suzish havzalari, amfiteatr, kottej, suv minorasi va boshqa inshootlar mavjud.
Boshlang‘ich bahosi – 70 milliard 68 million so‘m, omonat summasi 5 foiz miqdorida – 3,5 milliard so‘m. Arizalar 7 noyabr soat 09:00 gacha qabul qilinadi.
“Sijjak” dam olish oromgohi bundan oldin ham ikki marta: 2020 yil iyun, 2021 yil aprelda va 2022 yil aprelda sotuvga qo‘yilgandi.
Ma’lumot uchun, “Sijjak” dam olish oromgohi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan. Oromgohda mehmonxona, bir nechta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa inshootlar mavjud. Ushbu oromgohga 2017 yil 10 fevralda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan sanksiya qo‘yilgan.
Keyinroq oromgoh O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga mashg‘ulot bazasi sifatida foydalanish uchun berilishi rejalashtirilgandi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi ishlab chiqilgandi.