Gulnoraning qo‘ldan qo‘lga o‘tgan dachasi
Tahlil
−
19 yanvar
28253Dengiz sathidan 959 metr balandlikda, Piskom daryosi vodiysining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan “Sijjak” dam olish zonasi haqida eshitganmisiz. Yoki, shu yoshga chiqib hashamatli “dacha”da dam olganmisiz? Yo‘q deysizmi? “Sijjak”dagi "dacha" nomini O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan qo‘shib aytsak, ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak-a. Ha, o‘sha siz bilgan Karimovaning oradan necha yillar o‘tsa ham nuramagan “dacha”si “Sijjak” haqida ketyapti gap.
Umumiy maydoni 5,4 ga, bino va inshootlarning maydoni 5016 kv metrga teng bu dam olish qarorgohi bir necha yildan buyon sotuvga chiqarilib, puli yetadiganlar topilmagach, Kasaba uyushmalari federatsiyasiga berildi.
Kompleks hududida mehmonxona, bir nechta suzish havzalari, amfiteatr, kottej, suv minorasi va boshqa inshootlar bor. Ushbu "dacha"da vaqti-vaqti bilan Gulnora Karimova farzandlari va do‘stlari bilan dam olgani, bazmlar uyushtirgani aytiladi.
Aslida, Gulnora Karimovaga tegishli “Sijjak” dam olish zonasini bepul asosda O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga berish rejalashtirilyapti degan gaplar 2019 yilning iyul oylarida bolalagan edi.
O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasida dam olish zonasida triatlon bo‘yicha milliy terma jamoa shug‘ullanishi uchun federatsiyaning mashg‘ulot bazasini barpo etish ko‘zda tutilgani, baza hududida Toshkent viloyati byudjeti hisobidan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, suv, elektr, gaz ta’minoti va avtomobil yo‘llari qurish, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan velosport bilan shug‘ullanish uchun yo‘llar qurish ko‘zda tutilgani aytilgan. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ham so‘z borgan.
Loyihada dam olish zonasi hududida sport inshooti, mehmonxona, uchta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa binolar qurilishi ham aytilgan. Hujjatda “Sijjak” oromgohiga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi qarori bilan 2017 yil 10 fevraldagi ish doirasida cheklov qo‘yilgani aytilgan.
Bu qanday cheklov deydiganlar ham topilsa kerak. Har xolda dacha Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan va u 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-moddasi (Soxta tadbirkorlik), 184-moddasi (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish bilan ayblangani ortidan mol-mulklariga sanksiyalar joriy etilgan.
Yuqorida aytganimiz qaror loyihasi nima bo‘lgani haqida keyinchalik lom-mim deyilgani yo‘q. Lekin QALAMPIR.UZ’dagi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, “Sijjak” oromgohi Triatlon federatsiyasiga o‘tganidan keyin deyarli bir yil foydalanilgan va undan keyin ob’ektni xususiylashtirish jarayoni boshlangan.
Shu bilan hashamatli dacha atrofidagi gap-so‘zlar oradan bir yil o‘tib yana kun tartibiga chiqdi. 2020 yilning iyunida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Sijjak” dam olish oromgohi sotuvga qo‘yilganini ma’lum qildi.
Oromgoh ha deganda sotilmagan chog‘i oradan 9 oy o‘tib, 2021 yilning mart oyi oxirida “Sijjak” dam olish maskani sotilayotgani haqidagi e’lon yangilandi.
Bahavo “Sijjak”da qurilgan bu dachaga hamma ham bormagan. Dacha hashamatli qilib qurilgani va unda xos mehmonlar kutilgani ko‘p gapirilgan. 2021 yilning aprel oyida ko‘pchilikning qadami yetmagan bu mashhur dam olish maskaniga QALAMPIR.UZ yetib borgandi.
Dachaga borib, uning haqiqatdan hashamatli qurilgani va foydalanilmaganiga ancha bo‘lganiga qaramay nuramaganini ko‘rgandik. Aksincha, baquvvat devorlar, qimmatbaho qandillar, asl mebellar o‘z xolicha saqlanib turibdi. Kinoteatr deysizmi katta basseyn, ichimliklar uchun ajratilgan alohida xona yoki dam olish uchun zonalar, xullas bu oromgohda hammasi bor. Yoz faslida borasizmi yo qahraton qishda farqi yo‘q. Bu koshona har fasl uchun mo‘ljallab qurilgan. Dachaning nafaqat tashqarisi, balki hovli qismi va undagi daraxtlar va o‘simliklarning o‘zi unga ancha pul sarflanganini aytib turadi. Buni qarangki, shu hashamat uchun puli yetadiganlar topilmadi chog‘i oromgoh bir emas bir necha yil sotilmadi.
Karimovaga tegishli dachaning sotuvga chiqarilishi ortidan xususiylashtirish jarayoni qanchalik shaffof o‘tadi va bu mulkni Karimovaning farzandlari ham sotib olishi mumkinmi, degan savollar ko‘paydi. Bu savolga Adliya vaziri Ruslanbek Davletov shunday javob bergandi.
“Bugun davlat aktivlariga aylantirilgan mulklarning sotuv jarayonida shaffoflik qanchalik bo‘layotganiga biz emas, siz baho berganingiz ma’qul. Jarayonlar OAVda yoritilmoqda. Biz o‘ylaymizki, shaffoflik belgilangan standartlar va qonunchilik asosida amalga oshirilmoqda. Aslida esa qanday? Bunga siz javob berishingiz mumkin. [Jarayonni] kuzatib boradigan organlar bor. Shaffoflik ta’minlanyapti! Agar, “Yo‘q, shaffoflik bo‘lmayapti”, desangiz, buni ko‘rib chiqishga tayyormiz.
Karimovaning farzandlari sotuv tenderida qatnashishi uchun hech qanday to‘siqlar yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari teng huquqqa ega. Agar puli bo‘lsa, belgilangan tartibda sotib olaveradi. Bugungi kunda hech qanday cheklovlar mavjud emas”, degan Davletov 2021 yilda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2022 yilning apreli va oktyabrida “Sijjak” dam olish zonasini yana sotuvga chiqardi. Boshida bu oromgoh qanchaga baholangani haqida ma’lumot bermagan agentlik, bu gal dachaning boshlang‘ich bahosi – 70 milliard 68 million so‘m, omonat summasi 5 foiz miqdorida – 3,5 milliard so‘m ekanini aytgandi.
2023 yilning iyuliga kelib Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14 iyundagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir” qarorida “Sijjak” dam olish maskani xususiylashtiriladigan ob’ektlar ro‘yxatidan chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.
Xullas, bu dachani oladigan odam bo‘lmadi chog‘i, 2025 yilning 9 yanvar kuni oromgoh mulk huquqi asosida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga o‘tkazilgani aniq bo‘ldi. Kasaba uyushmalari federatsiyasiga mulk huquqi asosida o‘tkaziladigan bolalar dam olish oromgohlari va dam olish maskanlari ro‘yxati hukumatning 2023 yil 25 martdagi farmoyishi bilan tasdiqlangan. 2024 yil 27 dekabrdagi hukumat qarori bilan ushbu ro‘yxatga “Sijjak” dam olish oromgohi ham qo‘shilgan.
Bu birinchi Prezident Islom Karimovning qiziga tegishli mol-mulkning zarrasi xolos. Ehe u mahkamaga tortilganidan keyin qanchadan-qancha mablag‘lari, mol-mulklari borligi o‘rtaga chiqdi.
Masalan, 2022 yilga kelib, Gulnora Karimova va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh a’zolarining Fransiya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Latviya va Rossiya kabi davlatlarda mulklari bo‘lgani aytildi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan brifingda vazir o‘rinbosari Muzrof Ikromov ma’lum qilgan.
Masalan, Fransiya Respublikasidan 2020 va 2021 yillarda taqriban jinoiy uyushgan guruh a’zolariga tegishli ko‘chmas mulklarni (Parij shahri yaqinidagi 2 ta qasr) sotilishi natijasida 20 million AQSH dollariga teng pul mablag‘lari O‘zbekistonga qaytarilgan.
Belgiya Qirolligida ham jinoiy uyushgan guruhga tegishli bo‘lgan aktivlar bo‘lgan.
Buyuk Britaniyada Gulnora Karimova va uning sheriklariga tegishli bo‘lgan umumiy qiymati 10 million funt sterling miqdoridagi mablag‘lar va 3 ta ko‘chmas mulk bo‘lgan.
“The Daily Mail” nashri Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan mulklar ro‘yxatiga Surreydagi uy va Londonning nufuzli maydonlarida umumiy qiymati 40 million funt o‘sha aktda 52 million dollarga teng bo‘lgan ikkita kvartirani ham kiritgan.
Qayd etilishicha, Surreyda Karimova 2010 yilda 18 million funtga Gorse Hill Manor mulkini sotib olgan. Qasr 1912 yilda qurilgan, uning hududida qayiqda sayr qilish uchun ko‘l va 70 ming kvadrat metr maydonga ega bog‘lar joylashgan. Saroy yonida nufuzli boylarning koshonalari, xususan Bruney sultonining mulki joylashgan.
Buyuk Britaniya poytaxtida ham Karimovaning ikkita uyi bor. Ularning biri Mayfair tumanida 8 million funt va Belgraviya viloyatida 2 million funtga sotib olingan.
Latviya Respublikasidagi aktivlar 15 million AQSH dollariga teng mablag‘ va 850 unsiyaga teng 26 kg oltin sertifikatlari hamda Riga shahrida joylashgan madaniy-ko‘ngilochar majmuadan tashkil topgan.
2021 yil noyabr oyida Moskva shahrida joylashgan aktivlar 6 ta xonadonni O‘zbekiston daromadiga o‘tkazilishi haqida Moskva shahar sudining qarori chiqarilgan.
Bosh prokuratura Gulnora Karimova qo‘lga olinganidan keyin uning ushbu ish doirasida yetkazilgan zarari 165 million dollar va 85 milliard so‘mdan (qariyb 9 million dollar)ni tashkil etishini ma’lum qilgandi.
2020 yilning may oyida Adliya vazirligi Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida Fransiyadan 10 million AQSH dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilgani va mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetiga o‘tkazib berilgani va umumiy tartibda ishlatilishini ma’lum qilgandi.
“Xususan, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda”, deyilgan Adliya vazirligining 2020 yildagi axborotida.
Ko‘pchilikda Gulnora Karimovaning milliardlari undirilgach nimalarga saflanadi degan savol ham bor edi. Bu savolga 2022 yilda Adliya vazirligi quyidagicha javob bergan:
"Sobiq Fond Forum Vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovaning noqonuniy yo‘llar bilan orttirgan va Shveysariya banklarida saqlanayotgan 131 million AQSH dollari miqdoridagi pullari O‘zbekistonga qaytarilgach, ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltiriladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasmiy vakilining Nyu-Yorkda o‘tgan brifingda aytishicha, mablag‘lar O‘zbekistonga bir necha transh shaklida keladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlariga qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim quyidagi prinsiplarga ega:
• ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish,
• ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
• qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
• O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi”, deyilgan Adliya vazirligining 2022 yildagi rasmiy axborotida.
2023 yilga kelib, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Gulnora Karimovaning qaytarilgan aktivlari onalar va bolalarning o‘limini kamaytirishga sarflanadi deb chiqdi.
Vakolatxonaning yozishicha, Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan aktivlarini qaytarish uchun tuzilgan O‘zbekiston Vision 2030 jamg‘armasi BMTning yangi loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun 43,5 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratgan. Pullar mamlakatda onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning o‘limini sezilarli darajada kamaytirishga sarflanadi.
2025 yilga kelib Gulnora Karimova uning orttirgan boyliklari miqdori qanchaga yetgani va ulardan qanchasi O‘zbekistonga qoldirilgani haqida rasmiy axborot mavjud emas. Hatto Karimovaning jazoni ijro etish koloniyasidan manzil-koloniyasiga o‘tkazilgani haqida ham rasmiy idoralar axborot berayotgani yo‘q.
LiveBarchasi