Gulnora Karimovaning yana 182 mln dollari O‘zbekistonga qaytariladi
Jamiyat
−
06 fevral
8829Bugun, 6 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston tomonidan Adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishi belgilangan. Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012 yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi.
Mablag‘lar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” Ko‘p sheriklik trast Jamg‘armasi orqali qaytariladi.
Qayd etish joiz, muqaddam 2022 yil 16 avgustda Shveysariyaning Bern shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarish usullari to‘g‘risida”gi bitim imzolangan. Ushbu bitim noqonuniy orttirilgan aktivlarni BMTning “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” deb nomlangan Ko‘p sheriklik trast Jamg‘armasi orqali O‘zbekistonga qaytarish mexanizmi hamda asosiy tamoyillar va maqsadlarni belgilaydi.
Mazkur ishlar doirasida 2022 yil avgustda imzolangan birinchi bitim taxminan 131 mln dollar miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarilishini nazarda tutadi. Yangi bitim imzolanishi bilan O‘zbekiston aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarilgan mablag‘larning jami miqdori 313 mln dollarga yetadi.
“Uzbekistan Vision 2030 Fondi” orqali qaytarilayotgan mablag‘lar O‘zbekiston aholisining manfaatlari uchun, xususan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
LiveBarchasi