Germaniya 100 ga yaqin rossiyalik diplomatni haydamoqchi

Olam

image

Germaniya hukumati shu haftada Rossiya maxsus xizmatlarida ishlashi mumkin bo‘lgan Rossiya diplomatik vakolatxonalari xodimlarining katta qismini mamlakatdan chiqarib yuborishi mumkin. Bu haqda “Bild” gazetasi ma’lum qildi.

Nashr manbalariga ko‘ra, kansler Olaf Shols hozircha bu masalani o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Hafta oxirigacha 100 nafarga yaqin diplomat mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Yakuniy qaror federal kansler, Tashqi va Ichki ishlar vazirliklarining o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinishi kerak, biroq buning hozircha imkoni yo‘q.

“Germaniya hukumatida bunday harakatning maqsadga muvofiqligi borasida kelishmovchiliklar mavjud”, deb yozadi nashr. 

Avvalroq, mazkur gazeta Germaniyada Rossiya razvedkasida ishlayotgani aytilayotgan 2000 dan ortiq odam borligini da’vo qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda 21 nafar rossiyalik diplomat Belgiyani, 17 nafari Niderlandiyani, to‘rt nafari Irlandiyani tark etishi kerak. Mart o‘rtalarida Polsha, Bolgariya, Latviya, Litva va Estoniya rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

5

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing