Garovdagilar ozod qilinmasa, G‘azoda qaytadan jang boshlanadi – Netanyaxu

Olam

image

Agar HAMAS harakati joriy yil 15 fevral kuni tushgacha garovga olinganlarni ozod qilmasa, Isroil G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshlaydi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasiga tayanib, “The Times of Israil” xabar berdi.

Binyamin Netanyaxuning maslahatchisi Dmitriy Gendelmanga ko‘ra, Isroil HAMAS garovga olinganlarni 15 fevral kuni tushgacha ozod qilmasa, harbiy harakatlarni tiklaydi. Ayni paytda Isroil armiyasi kuchlarini G‘azo sektorining ichkarisida va uning chegaralari bo‘ylab to‘plamoqda.

“Biz barchamiz o‘tgan shanba kuni ozod etilgan uch nafar garovga olinganning og‘ir ahvolidan qattiq g‘azablandik. Shuningdek, biz barchamiz Prezident Trampning garovga olingan fuqarolarimizni shanba kuni tushgacha ozod qilish talabi hamda uning G‘azoning kelajagi haqidagi inqilobiy qarashlarini olqishladik. HAMAS kelishuvni buzish va garovga olingan fuqarolarimizni ozod qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqidagi bayonotidan so‘ng, kecha kechqurun men G‘azo sektorining ichkarisida va atrofida kuchlarni jamlash haqida ko‘rsatma berdim. Ushbu operatsiya ayni paytda amalga oshirilmoqda va yaqin vaqt ichida yakunlanadi”, deyiladi Netanyaxu bayonotida. 

Shuningdek, Netanyaxuga ko‘ra, agar HAMAS garovga olingan isroilliklarni 15 fevral kuni tushgacha qaytarmasa, o‘t ochishni to‘xtatish bekor qilinadi va Isroil HAMAS to‘liq tor-mor etilgunga qadar shiddatli jangovar harakatlarni qayta boshlaydi. 

Ma’lumki, 10 fevral kuni HAMAS harbiy qanoti matbuot kotibi Abu Ubayda harakat G‘azo sektorida garovga olingan va 15 fevral kuni vataniga qaytishi kerak bo‘lgan yangi guruhni ozod qilish jarayonini keyinga surganini ma’lum qildi. HAMASning fikricha, Isroil “anklav janubidan shimolga ko‘chirilganlarni qaytarishni kechiktirib, G‘azoga qarata o‘t ochgan va barcha turdagi insonparvarlik yordamlarini kerakli miqdorda yetkazib bera olmaganida” kelishuv shartlarini buzgan.

Qayd etish joiz, kecha, 11 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp ham HAMASni barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi. Unga ko‘ra, agar bu amalga oshmasa, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish tartibi bekor qilinadi. Shuningdek, Tramp HAMASning garovga olinganlarni qismlarga bo‘lib emas, balki butunlay ozod qilishi kerakligini ta’kidlagan.

“Shanba kuni soat 12:00 da hamma garovga olinganlar ozod qilinishi kerak, aks holda, men aytgan bo‘lardimki, haqiqiy do‘zax boshlanadi”, degan Tramp.

Lekin, HAMAS harakati Donald Trampning ushbu talabini rad etdi. HAMAS matbuot kotibi Sami Abu Zuhriyning aytishicha, yanvar oyida Isroil bilan erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi garovga olinganlarning ozod etilishini kafolatlashning yagona yo‘li.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tahdidlar tili o‘rinsiz va vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, 19 yanvar kuni Isroil va HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Ushbu kelishuv shartlariga ko‘ra, 33 nafar isroillik garovga olingan shaxs qariyb 1900 nafar, aksariyati Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarga almashtirilishi kerak edi. 

8 fevral kuni garovga olinganlarni mahbuslarga almashtirishning beshinchi bosqichi yakunlandi: uch nafar isroillik garovga olingan shaxs ozod qilindi va 183 nafar falastinlik mahbus qo‘yib yuborildi. Umuman olganda, HAMAS 16 nafar isroillikni ozod qildi, yana 17 nafari harakat qo‘lida qolmoqda.

Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu 17 kishidan sakkiz nafari halok bo‘lgan, ya’ni Isroil yana to‘qqiz kishining ozod qilinishini kutmoqda. Shanba kuni HAMAS uch nafar isroillikni ozod qilishi kerak edi, biroq tashkilot ushbu bosqichni noma’lum muddatga kechiktirish qaroriga kelganini e’lon qildi. U bunga sabab sifatida Isroil tomonidan kelishuv shartlarining bajarilmagani, jumladan, muayyan talablarning buzilganini ko‘rsatdi.

9 fevral kuni esa Isroil G‘azo sektorini shimoliy va janubiy qismlarga ajratib turgan Netzarim koridoridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni yakunlagani xabar qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing