G7 davlatlari Rossiyaga qarshi tribunal tashkil qilmoqchi
Olam
−
04 aprel 2023 7094 2 daqiqa
G7 davlatlari Adliya vazirlari joriy yilning iyul oyida Tokioda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasiga qarshi maxsus tribunal tashkil etish masalasini muhokama qilishi mumkin. Bu haqda Yevropa komissari Dide Reyndersga tayanib, “Kyodo” axborot agentligi xabar berdi.
Dide Reynders bu yil G7'ga raislik qilayotgan Yaponiya o‘z maqomidan Osiyoning boshqa davlatlariga real ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanishi va xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashini qozonish uchun tribunal tashkil etishiga umid bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda YeI Ukraina sud tizimi va Xalqaro jinoiy sud (XJK) bilan turli mamlakatlar, jumladan, Ukraina sudyalari ishtirokida “maxsus sud” yoki “gibrid sud” tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish ustida ishlamoqda.
Ma’lumot uchun, Yaponiya raislik qilayotgan G7 davlatlari rahbarlari joriy yilning may oyida Yaponiyaning Xirosima shahridagi sammitga to‘planadi. Sammitda AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Kanada, Italiyadan tashqari G7'ga kirmaydigan Hindiston, Janubiy Koreya va Ukraina yetakchilari ham qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Prezidentning bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblab, hibsga olishga order bergan edi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Moskva XJSning yurisdiksiyasini tan olmasligini aytgandi. O‘z navbatida, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Gaagadan olingan ma’lumotlarga to‘xtalar ekan, XJS qarorlari Rossiya uchun hech qanday ma’noga ega emasligini va hibsga olish haqidagi mumkin bo‘lgan orderlar qonuniy kuchga ega emasligini ta’kidlagan edi. XJS qaroridan so‘ng Germaniya Putinni hibsga olishini e’lon qilgan bo‘lsa, Vengriya bunday qilmasligini e’lon qilgan, Armaniston esa Putin mamlakatga kelsa, u hibsga olinishini aytgan, keyinchalik esa parlament vitse-spikeri Akop Arshakyan hukmron partiya bunday niyatda emas ekanini ma’lum qilgan edi.