Farg‘onada ham “Dok-1 Maks”dan zaharlanish aniqlandi. Bolaning ahvoli og‘ir
3-sahifa
−
02 yanvar 2023
10354Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialining bolalar reanimatsiya bo‘limida viloyatning Quvasoy tumanida yashovchi 3 yashar bemor davolanmoqda. Uning umumiy ahvoli og‘ir, hushida.
“Bemorga tasdiqlangan davolash standarti asosida davo muolajalari olib borilmoqda. Viloyatdagi vaziyatni shaxsan o‘zim nazoratga olganman. Yana bir bor aholimizdan isitma tushiradigan dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasi va nazoratida qabul qilishni so‘rayman. Qolaversa, farzandlarimizga shifokorning aniq tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan dori preparatlarini bermaslikni iltimos qilib qolamiz”, deydi viloyat Bosh shifokori To‘xtaqulov.
Uning qayd etishicha, ayni paytda “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalari viloyatdagi barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan.
Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullarining xabar berishicha, bugungi kunda bolalarni tabletka va sirop dori vositalaridan zaharlanishini oldini olish maqsadida viloyatdagi barcha davolash profilaktika muassasalariga “Dok-1 Maks” preparatlaridan saqlanish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Xususan, tarkibida paratsetamol dozasi bo‘lgan dori preparatlarini bolalar buyragiga toksik ta’sir qilishi hamda terapevtik dozani oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, tana harorati 380 S dan yuqori bo‘lgan bolalarni tabiiy usullar bilan tana haroratini tushirish, ota-onalarga tarkibida paratsetamol saqlaydigan preparatlarni o‘zboshimchalik bilan ichirmaslik to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining joriy yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan Ambronol siropi ham sotuvdan olingani aytilgan.
LiveBarchasi