Sud “Dok-1 Maks” ishini ko‘rishni bir oyga to‘xtatdi
3-sahifa
−
01 dekabr 2023
5007Joriy yilning avgust oyidan buyon Toshkent shahar sudida davom etayotgan “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bugun, 1 dekabrdan e’tiboran 1 oy muddatga to‘xtatildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
“Toshkent shahar sudida birinchi instansiyada ko‘rilayotgan ushbu jinoyat ishiga aloqador yangi shaxslar tergov organi tomonidan ayblanganligi sababli va boshqa asoslarga ko‘ra, sud tomonidan 2023 yil 1 dekabr kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 416 (sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun asoslar aniqlanganda sudning harakatlari) va 417 (jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) moddalari tartibida ajrim chiqarilib, jinoyat ishiga tegishli ayrim hujjatlar ayblovni to‘ldirish va boshqa shaxslarni ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun tergov organiga yuborildi.
Shu tariqa jinoyat ishini ko‘rish 1 oylik muddatga to‘xtatildi”, deyiladi xabarda.
"Dok-1 Maks" ishi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi O‘zbekistonda 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng, vazirlik bu voqea haqida hech qanday bayonot bermadi. Joriy yilning avgust oyiga kelib, Oliy sud matbuot xizmati “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanish oqibatida vafot etgan bolalar SSV aytganidek 20 nafar emas, balki 65 nafar ekanini bildirdi.
Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi esa dori vositalari ishlab chiqarishda sanoat darajasida ishlatiladigan zaharli moddadan foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra sodir etilgan jinoyatlarda umumiy hisobda 21 kishi ayblanmoqda. Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga “qamoqqa olish”, 12 tasiga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” va 2 tasiga “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining jami 11 moddasida nazarda tutilgan ayblovlar qo‘yilgan. Bular:
1. 184-modda – soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash;
2. 28-modda – jinoyat ishtirokchilarining turlari;
3. 186-3-modda – Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish;
4. 25-modda – jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish;
5. 205-modda – hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
6. 207-modda – mansabga sovuqqonlik bilan qarash;
7. 209-modda – mansab soxtakorligi;
8. 210-modda –pora olish;
9. 211-modda – pora berish;
10. 212-modda – pora olish-berishda vositachilik qilish;
11. 228-modda – hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish.
LiveBarchasi