QALAMPIR.UZ'ni “Dok-1 Maks” sudidan chetlashtirish so‘raldi
Jamiyat
−
16 avgust 2023
8720Bugun, 16 avgust kuni O‘zbekistonda 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan dori “Dok-1 Maks” voqeasi bo‘yicha ayblanayotgan shaxslarga nisbatan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Sud jarayonini yoritish maqsadida borgan QALAMPIR.UZ jurnalisti Hulkar Murtazoyevani bir necha advokatlar suddan chiqarib yuborishni so‘radi.
Mazkur sudda sudlanuvchi A.A.ning advokatlari M.Madaminov hamda A.Husanov QALAMPIR.UZ sayti jurnalisti Hulkar Murtazoyevani sud jarayonini yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmaganlikda ayblab, suddan chetlatish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi.
Gap shundaki, QALAMPIR.UZ joriy yilning 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan ilk sud majlisida ishtirok etdi va sud majlisi haqida batafsil reportaj tayyorladi. Tabiiyki, videoreportajda sud jarayoni va unda ishtirok etayotgan shaxslar – sudlanuvchilar, ularning yaqinlari va guvohlar tasvirlangan. Ushbu sud majlisidan avval sudlanuvchilarning yaqinlari jurnalistlardan ayblanuvchilarning tasvirga tushirilmasligini so‘ragan. Ammo bunday tartib faqat sudga raislik qiluvchi tomonidan belgilanadi. Sud majlisi boshlanganida esa ommaviy axborot vositalarining sudni yoritishi bo‘yicha hech qanday taqiq va cheklovlar bo‘lmagan.
Advokatlar bugun, 16 avgust kuni bo‘lib o‘tayotgan sudda QALAMPIR.UZ jurnalisti YouTube'da e’lon qilingan “Eng dahshatli jinoyat sudi boshlandi. Quramax rahbariga uy qamog‘i so‘raldi” nomli videolavhasida aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmaganlikda ayblagan.
Ushbu iltimosnomani bir nafar advokatdan tashqari barcha advokatlar qo‘llab-quvvatlagan. Mazkur iltimosnoma sud tomonidan keyingi sud jarayonigacha ko‘rib chiqilib, yakuniy qaror qabul qilinadi.
Shuningdek, yana bir advokat I.Rahmatov Kun.uz sayti jurnalistini ham aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilmaganlikda ayblagan.
Sud mazkur iltimosnomani rad etdi. Ammo OAV vakillariga jarayonni yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Oliy sud tomonidan O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” dori vositasi sabab jami 65 nafar bola vafot etgani ma’lum qilindi. Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, sodir etilgan jinoyatlarda umumiy hisobda 21 kishi ayblanmoqda.
LiveBarchasi