“Dok-1 Maks” fojiasi jabrlanuvchilariga 16,7 mlrd so‘m to‘landi
3-sahifa
−
13:11 1133 3 daqiqa
Joriy yilning 4 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Dok-1 Maks” dori vositasidan jabrlanganlarga nisbatan kompensatsiya mablag‘lari to‘lab berilmayotganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar yuzasidan Majburiy ijro byurosi munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlarning ijro hujjatlariga asosan qarzdor Sardor Qoriyev va boshqalardan 85 nafar fuqaro foydasiga jami 78 mlrd so‘m zarar undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari mavjud.
Ijro harakatlari davomida, qarzdor Sardor Qoriyevga tegishli – Chilonzor tumani, “1-Qatortol” MFY, Qatortol 3-tor ko‘chasidagi turarjoy binolari va “Beshyog‘och” MFY, Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi xatlanib, onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.
Shundan, “Beshyog‘och” MFY, Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi auksion savdolarida sotilib, 793 mln so‘m pul mablag‘lari kelib tushgan, narxi 7,1 mlrd. so‘mga baholangan Chilonzor tumani, “1-Qatortol” MFY, Qatortol 3-tor ko‘chasidagi turarjoy binolari bo‘yicha bugungi kunda auksion savdolari davom etmoqda.
Auksion savdolari orqali kelib tushgan va qarzdor Sardor Qoriyevning oila a’zolari tomonidan to‘langan pullar hisobidan undiruvchilarga jami 16,7 mlrd so‘m mablag‘ “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 80-moddasiga asosan teng taqsimlab berilgan.
Hozirgi kunda qarzdor Sardor Qoriyev va boshqalardan jami 61,3 mlrd so‘m zarar undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
“Dok-1 Maks” fojiasi
2022 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda Hindistonning “Dok-1 Maks” tabletka va siropidan jami 70 nafarga yaqin bola vafot etgandi. Shundan so‘ng O‘zbekistonda mazkur dori savdosi butkul to‘xtatilib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ko‘rib chiqilgan sud ishi yakuni bo‘yicha esa jami 19 kishi jazolangan.
Ular orasida 1972 yilda Hindiston Respublikasida tug‘ilgan, “Quramax Medical” MCHJ direktori lavozimida ishlagan Singx Ragvendra Pratap ham bo‘lib, u Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi, 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi, 213-moddasi 3-qismi “a” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. Jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin esa Hindiston fuqarosi Singx Ragvendra Pratapni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborish belgilangan.
Shuningdek, Sardor Qoriyev (1982 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan) Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4-qismi “a”, “b” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilib, unga nisbatan 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Live
Barchasi