Falastin-Isroil mojarosi: Ikki tomondan qurbonlar soni 2000 dan oshdi
Olam
−
11 Oktabr 2023
4522Falastin-Isroil o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida ikkala tomondan 2000 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Kan telekanali xabar qildi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 900 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ularning yarmiga yaqini ayollar va bolalar. Shuningdek, 4500 nafar shaxs yaralangan.
G‘arbiy Sohilda 21 falastinlik halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan.
Avvalroq Isroil mudofaa kuchlarining milliy radiostansiyasi qurbonlar soni 1000 nafarga yetganini xabar qilgan edi.
Ayni paytda G‘azo sektori va Misr o‘rtasidagi yagona chegara punkti Isroil armiyasi tomonidan vayron qilingan.
O‘z navbatida, bu Rafah hududida qurol kontrabandasi uchun yer osti tunnel qazilgani, shu sababli o‘qqa tutilgani bilan izohlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangan. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Oldinroq AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Charlz Braun Eronni Isroildagi mojaroga aralashishi oqibatlaridan ogohlantirgandi. NBC telekanali esa Amerika ma’muriyati Ukraina uchun qo‘shimcha moliyalashtirish va Isroilga yordam so‘rovlarini birlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi.
LiveBarchasi