Eron diniy rahbari Raisiy uchun janoza namozini o‘qidi (video)

Olam

image

Tehronda vertolyot halokatida halok bo‘lgan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abullohiyon va prezident delegatsiyasining boshqa a’zolari uchun janoza namozi o‘qildi.

Marosimga Eronning diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy boshchilik qildi. Xomanaiy marhumlar uchun duo o‘qiganidan so‘ng, dafn marosimi Tehron ko‘chalari bo‘ylab Ozodiy maydoni tomon harakatlanadi, u yerda xohlovchilar prezident va aviahalokat qurbonlari bilan shaxsan xayrlashish imkoniga ega bo‘ladi.

Tehrondan olingan kadrlarda Eron poytaxti ko‘chalari halok bo‘lganlar bilan xayrlashish uchun kelgan minglab odamlar bilan to‘lganini ko‘rish mumkin.

Bir necha soatdan keyin prezidentning tobuti Eronning muqaddas shia musulmonlari shahri Mashhadga yetkaziladi, Abdulloxiyonning jasadi esa Tehronda qoladi. Dafn marosimi 23 may kuni rasmiylar ishtirokidagi xayrlashuv marosimidan so‘ng bo‘lib o‘tadi.

Qayd etish joiz, bugun, 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok этади.

Shuningdek, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov va Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov, Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Turkman xalqi milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tunis Prezidenti Kays Said va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Iroq Bosh vaziri Muhammad Sudaniy, Pokiston Prezidenti Asaf Ali Zardoriy va Bosh vazir Shahboz Sharif, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan va vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Hindiston Prezidenti maslahatchisi Yagdip Jankar, Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin, Jazoir parlamenti spikeri Ibrohim Bugali, "Tolibon" muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Abdulg‘ani Baradar va tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttagi, Shri-Lanka Tashqi ishlar vaziri Ali Sabri, Qozog‘iston Parlament Assambleyasi spikeri Yerlan Koshanov va Livan parlamenti spikeri Nabih Bari ham vidolashuv marosimida ishtirok etadi.

Ma’lumot uchun, 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha,  halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.

Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Respublika saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiy Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi

Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Tabriz shahrida Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan rasmiylar bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ibrohim Raisiy Oyatulloh Ali Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing