Eron Hindiston va Pokistonning orasiga tushmoqchi
Olam
−
26 aprel 4292 2 daqiqa
Eron hukumati Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nizolarni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyor. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, ramiy Tehron qo‘shnilari qiyin vaziyatga tushib qolganda, doim yordam berishga tayyor.
“Hindiston va Pokiston Eronning qardosh qo‘shnilari bo‘lib, ko‘p asrlik madaniy va sivilizatsion aloqalarga asoslangan munosabatlarga ega. Tehron ushbu qiyin vaqtda Islomobod va Nyu-Dehliga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatishga tayyor”, deya yozadi Eron vaziri.
Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
Joriy yilning 22 aprel kuni Kashmir mintaqasining Hindiston hududidagi Paxalgam shahri yaqinidagi so‘qmoq bo‘ylab harakatlanayotgan sayyohlarga terrorchilar hujum qilgan edi. Oqibatda 26 nafar hindistonlik va 1 nafar Nepal fuqarosi halok bo‘ldi.
Shundan so‘ng Hindiston Pokistonga nisbatan qator choralar ko‘rilishini e’lon qildi. Xususan, quruqlikdagi yagona ochiq chegara punkti Attari yopilishini va Hind daryosining suvi to‘silishi bildirildi.
Bunga javoban Pokiston Hindiston uchun havo hududini yopib, Hind daryosi suvining to‘silishi urush e’lon qilish sifatida baholashini ma’lum qildi. Bu orada ikki davlat fuqarolarini SAARC vizasidan ozod qilish tizimi to‘xtatildi va shunday viza egalariga tez fursatda mamlakatlarni tark etish buyurildi.
Kecha, 25 aprelga o‘tar kechasi esa Hindiston va Pokiston harbiylari Jammu va Kashmirda joylashgan nazorat chizig‘i bo‘ylab bir-biriga qarata o‘t ochdi. Hozircha har ikki tomon yo‘qotishlar haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Halok bo‘lganlar yoki yaralanganlar bor-yo‘qligi noma’lum. Shunga qaramay, Nyu-Dehli va Islomobod bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ayblamoqda.
Mahalliy nashrlar esa Pokiston Hindistonning Hind daryosi oqimini to‘xtatishi yoki yo‘nalishini o‘zgartirishga urinishlarini urush harakati sifatida baholashi haqida rasman ogohlantirganiga qaramay mazkur daryo oqimi to‘liq to‘sib qo‘yganini xabar qilmoqda. Bu 1960 yilda imzolangan Hind daryosi suv resurslari bo‘yicha bitimdan buyon birinchi marta kuzatilmoqda. Mazkur shartnoma siyosiy kelishmovchiliklarga qaramasdan, tomonlarni suv resurslarini birgalikda bo‘lishishga majbur qilardi.
Live
Barchasi