Erdo‘g‘an va Japarov o‘zaro sovg‘alar almashdi (video)
Olam
−
05 noyabr
7544Bishkekka davlat tashrifi chog‘ida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zaro ramziy sovg‘alar almashdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishi fonida e’tiborga molik ish bo‘ldi. Bu haqda Turkiya Prezidenti devonxonasi xabar berdi.
Qirg‘iziston Prezidenti turkiyalik mavqedoshiga ot sovg‘a qildi. Bunga javoban Erdo‘g‘an Japarovga TOGG markali zamonaviy turk elektromobilini sovg‘a qildi.
Shuningdek, davlat rahbarlari Strategik hamkorlik bo‘yicha Oliy kengashning oltinchi yig‘ilishida ishtirok etib, o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Turkiya Prezidenti mazkur tashrifi doirasida 6 noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu tadbir a’zo mamlakatlar o‘rtasida mintaqaviy hamkorlik va hamdo‘stlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 17-18 iyul kunlari Saudiya Arabistoni va Qatarga borgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga ham Togg elektromobilini sovg‘a qilgan edi. Keyin u BAAda mehmon bo‘lib, BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonga ham ushbu avtomobilni olib bordi. Bundan avval ushbu elektromobil O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevga sovg‘a qilingandi.