Erdo‘g‘an Isroildagi mojaro tomonlarini taranglikni kamaytirishga chaqirdi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Isroildagi mojaro tomonlarini vazminlik ko‘rsatishga va mintaqadagi keskinlikni kamaytirishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 7 oktyabr kuni Anqarada “Adolat va taraqqiyot” partiyasi qurultoyida so‘z ochdi.

“Isroilda sodir bo‘layotgan voqealarni hisobga olib, biz barcha tomonlarni bosiqlikka va keskinlikning kuchayishiga olib keladigan harakatlardan qochishga chaqiramiz”, degan Erdo‘g‘an. 

Shuningdek, Turkiya Prezidenti Anqara Quddus markazida joylashgan islomning asosiy ziyoratgohlaridan biri bo‘lgan Al-Aqso masjidining tarixiy va diniy maqomini buzishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi turishini aytdi. 

“Biz birinchi ziyoratgohimiz Al-Aqsoning tarixiy va diniy maqomiga putur yetkazish bo‘yicha har qanday urinishlarga qarshilik ko‘rsatishda davom etamiz”, deydi Erdo‘g‘an.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mintaqadagi mojarolarga barham berish Turkiya tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. 

“Bizning ustuvor vazifamiz Markaziy Osiyodan Kavkazgacha, Bolqondan Qora dengizgacha bo‘lgan mintaqada qon to‘kilishini to‘xtatishdir”, deydi Turkiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlangandi. Keyinchalik HAMAS harakati Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi. Shundan so‘ng Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing