Erdo‘g‘an Shvetsiyani “ko‘chalarida terrorchilar kezib yurgan davlat” deb atadi
Olam
−
07 iyul 2023
4175Turkiya terrorchilarni qo‘llab-quvvatlagani uchun Shvetsiyaning NATOga kirishini hali ham tasdiqlay olmaydi. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Istanbuldagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi.
“Biz NATOning ochiq eshiklar siyosatini qo‘llab-quvvatladik. Finlyandiyaning a’zoligini ma’qulladik. Lekin terrorchilarni olqishlaganlarni ma’qullay olmaymiz. Shvetsiya o‘z majburiyatlarini bajarishini kutamiz”, deydi u.
Erdo‘g‘an NATOning Vilnyusdagi sammitida Shvetsiyaning ittifoqqa kirishi bilan bog‘liq muammolarni sheriklari bilan muhokama qilish niyatida ekanini ma’lum qildi.
“Bizga maslahat berganlar, avvalo, bu savollarga ochiqchasiga javob berishlari kerak: ko‘chalarida terroristlar kezib yurgan davlatga Turkiya qanday ishonishi mumkin? Terror tashkilotlaridan uzoqlashmagan davlat NATOga qanday hissa qo‘shishi mumkin? Madridda mamlakatimizga berilgan va’dalarni kutamiz. Biz seshanba (11 iyul) kuni Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan [NATO] sammitida bu masalalarning barchasini ittifoqdosh hamkorlarimiz e’tiboriga havola qilamiz. Mamlakatimiz, xalqimiz va xavfsizligimiz uchun eng yaxshi yechim nima bo‘lsa, o‘sha qadamni qo‘yamiz”, deydi Turkiya rahbari.
Ma’lumot uchun, Shvetsiya va Finlyandiya 2022 yilning may oyida Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shilish uchun ariza bergan, biroq Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaga PKK va PYD terrorchi deb e’lon qilishni hamda 2016 yilda terrorchilik yoki davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni ekstraditsiya qilishni talab qilib, qo‘shilish jarayonini bloklagan. 2022 yilgi NATO sammiti oldidan ushbu muammolarni hal qilish uchun Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya o‘rtasida ikki shimoliy davlat qilishi kerak bo‘lgan aniq qadamlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan memorandum imzolangan.
Bu orada Finlyandiya joriy yilning 4 aprel kuniyoq NATO safiga rasman qabul qilindi. Shvetsiya esa mamlakatda Qur’on va Turkiya bayrog‘ining yoqilishi bilan bog‘liq aksiyalar hamda Turkiya talablarining bajarilmasligi vajidan tashkilotga qo‘shila olmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq alyans rahbari Shvetsiya NATOga Vilnyus sammitida qo‘shilolmasligini aytgandi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15