Elchixona Ukrainadagi o‘zbekistonlik talabalarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga o‘qishni o‘z Vatanlarida masofaviy shaklda davom ettirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Bu haqda elchixona Matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi talaba-fuqarolarining O‘zbekistonga vaqtinchalik jo‘nab ketish holatlarida Ukraina oliy o‘quv yurtlarida o‘qishlarini saqlab qolish masalasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlari munosabati bilan elchixona quyidagilarni ma’lum qiladi.

Ukraina Ta’lim va fan vazirligi 2022 yil 25 yanvardagi 1/1266-sonli va 2022 yil 15 fevraldagi 1/2588-22-sonli xati bilan Ukrainaning barcha oliy o‘quv yurtlariga masofaviy ta’limni joriy etishni tavsiya qildi. Talabalar o‘qishni mustaqil ravishda tark etish istagini bildirgan hollar bundan mustasno, har qanday sababga ko‘ra.

Ushbu qoida tibbiyotdan tashqari barcha mutaxassisliklar talabalariga tegishli.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda havo qatnovida kuzatilgan uzilishlarni hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi talabalariga o‘z vatanlarida o‘qishni masofaviy shaklda davom ettirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish tavsiya etiladi”, deyiladi murojaatda.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi. 

Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. 

So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. 

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Ukraina havo hududi yo‘lovchi havo kemalari qatnovlari uchun yopilishi munosabati bilan “Uzbekistan Airways” AJ Kiyevga parvozlarni bekor qildi.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi. 

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi. 

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi. 

Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

93

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing