Elboshidan Bosh vazirgacha. Qozog‘iston elitasida kimlar koronavirusga chalindi?
Olam
−
18 iyun 2020
5368Iyun oyida Qozog‘istonda koronavirusga chalinish holatlari sezilarli ravishda o‘sdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur oyning 18-sanasiga qadar mamlakatda infeksiyadan zararlangan bemorlarning 60 nafari hayot bilan vidolashdi. Bundan tashqari, Qozog‘istonda yuqori lavozimida faoliyat yuritayotgan turli rahbarlar ham koronavirusga chalindi. Ular soni esa kunma-kun oshib bormoqda.
14 iyun kuni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Yeljan Birtanov koronavirus bilan kasallandi. U shifoxonaga yotqizildi. Vazirning ta’kidlashicha, u kasallikka chalinmaslik uchun qat’iy choralar ko‘rgan, biroq shunga qaramay, infeksiya yuqtirib olgan.
“Xavf-xatar har doim bo‘ladi”, deya ta’kidladi vazir.
Shu kuni Yeljan Birtanov bilan mamlakatning Jambil viloyatiga birga borgan Bosh vazir Asqar Mamin ham karantinga olindi.
Oradan uch kun o‘tib Qozog‘iston parlamenti Majlisining (quyi palatasi) Spikeri Nurlan Nigmatulinda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u 9 va 11 iyun kunlari sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanovni qabul qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Nurlan Nigmatulin o‘zini o‘zi izolyatsiya qilgan. Ayni paytda, Majlis raisi masofadan turib ishlashni davom ettirmoqda.
Bugun, 18 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevda ham koronavirus aniqlandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Elboshi joriy oy boshidan bir qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan, rasmiylarni qabul qilgan. Bundan tashqari, Nazarboyev mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu bergan. Televizion suhbatni tashkil etish, tasvirga olish jarayonlarida esa 40 dan ortiq kishi ishtirok etgan. Ular orasida xorij fuqarolari ham bo‘lgan. Ushbu tashkiliy ishlarda ishtirok etganlar esa kasallik tashuvchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan ehtimollar yo‘q emas.
Ayni paytgacha, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Qirg‘iziston Prezidenti Sooranbay Jeenbekov Elboshiga o‘z hamdardliklarini bildirishdi.
Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Saparxon Omarov, Ta’lim va fan vaziri Asxat Aymagambetov, Jambil viloyati hokimi Berdibek Saparbayev, Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri Magzum Mirzagaliyev, Moliya vaziri Yerulan Jambubayev, Mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayevlar karantinga olingan.
17 iyun kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiyalogik vaziyat og‘irligini aytib, murojaat bilan chiqdi.
"Fuqarolar tomonidan karantin rejimiga ommaviy ravishda rioya qilinmasligi sababli koronavirus bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda, ammo hukumat nazorati ostida. Ertaga hukumat tomonidan epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish choralar, shu jumladan, testlarni kengaytirish e’lon qilinadi", dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda koronavirusning tarqalishi munosabati bilan 16 martdan 11 aprelgacha favqulodda holat davom etdi. Ammo infeksiyadan zararlanishlar soni so‘nggi kunlarda keskin oshgach, ayrim hudadlarda karantin qoidalari qayta joriy etildi.
18 iyunga qadar Qozog‘istonda 15 877 nafar shaxs koronavirusga chalindi. Bemorlardan 10 065 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 100 holatda o‘lim qayd etildi.
LiveBarchasi