AQSH Senati Tramp masalasini 5 fevral kuni hal qiladi
Olam
−
01 fevral 2020
6730AQSH Senati Prezident Donald Trampning impichmenti bo‘yicha yakuniy ovoz berishni 5 fevral, chorshanba kuniga belgiladi. Bu haqda “C-Span” kanali efirida ma’lum qilindi.
Senatdagi siyosiy ko‘pchilik yetakchisi Mitch Makkonnell Tramp impichmenti bo‘yicha ovoz berishni chorshanbagacha kechiktirishni taklif qildi. Uning taklifini ko‘pchilik senatorlar qo‘llab-quvvatladi.
Yuqori palata jadvaliga ko‘ra, senatorlar impichment ishi doirasida Trampni ovlovchi yoki ayblovchi verdiktni qabul qilishdan avval dushanba kuni soat 11:00 da muhokamaga yig‘iladi.
AQSH Senati kecha, 31 yanvar kuni impichment bo‘yicha guvohlar eshituvini to‘xtatib qo‘ydi. Natijada Trampning Milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton ko‘rsatma berish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp mansab vakolatini suiiste’mol qilish va Kongress ishiga to‘siq bo‘lishda ayblanyapti. Trampga qarshi impichment masalasi Prezidentning Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan telefon muloqotidan keyin boshlangandi. AQSHning Demokratlar partiyasi Trampni Zelenskiyga bosim o‘tkazib, sobiq vitse-prezident Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanter Baydenga qarshi surishtiruv boshlashga undashda aybladi.
O‘z navbatida Tramp bularning barini uydirma deb atadi. Prezident impichmenti bo‘yicha hujjatlar joriy yilning 15 yanvar kuni Senatga yuborilgandi. Senat oradan bir hafta o‘tib, impichmentni ko‘rib chiqishni boshlagandi.
Eshituv davom etayotganda Trampga aloqador video tarqaldi. Unda Prezident Ukrainadagi AQSH elchisi Mari Yovanovichni ishdan olishni buyurgan.
LiveBarchasi