Ukraina Rossiyaga qarshi urushda qancha bardosh bera oladi? – Tramp
Olam
−
27 yanvar 2020
13831Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Trampning homiylar bilan uchrashuvida olingan videoyozuv e’lon qilingani haqida xabar bergan edik. Unda Tramp Ukrainadagi AQSH elchisi Mari Yovanovichni ishdan olishni buyurgani qayd etilgan.
“Associated Press” nashriga ko‘ra, asli kelib chiqishi ukrainalik bo‘lgan biznesmenlar Lev Parnas va Igor Fruman ham ishtirok etgan kechki ovqatda Tramp Ukraina Rossiyaga qarshi urushda qancha vaqt bardosh bera olishiga qiziqish bildirgan. Shuningdek, nega rasmiy Kiyevda pul yo‘qligi va Kim Chen Inning golfni yaxshi o‘ynashi haqida suhbatlashilgan. Trampning o‘zi bunday uchrashuv bo‘lganini inkor qildi.
Lev Parnas va Igor Fruman Trampning impichmentida asosiy figuralardan bo‘lgan. O‘tgan yili ularga AQSHning Ukrainadagi elchisi Mari Yovanovichni lavozimidan olishga urinish ayblovi qo‘yilgan.
Tadbir ishtirokchilari Ukrainani muhokama qilgan. Xususan, Tramp suhbatdoshlaridan so‘ragan: “Ular Rossiyaga qarshi urushda qancha bardosh bera oladi?”. U shuningdek, Ukrainada neft bor-yo‘qligiga qiziqqan. Suhbat davomida “Qanday qilib ularda pul bo‘lmaydi?”, degan savol ham yangragan.
Parnasnikiga o‘xshash ovoz Trampga “avval elchidan qutilish kerakligini” aytadi.
Yozuvda kimdir, “Bizsiz, uzoq vaqt turib bera olmaydi”, deydi. Tramp esa, “Bizsiz”, deya takrorlaydi.
Prezident yana, rasmiy Kiyev Rossiya bilan mojaroda “hamma narsa yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylaganmi”, deya so‘raydi. “Ular, agar siz qo‘llab-quvvatlasangiz, hamma narsa yaxshi bo‘ladi, deb ishonadi”, deya javob beradi notanish kimsa. “Hammani qo‘llab-quvvatlagan doim faqat bizmiz o‘zi”, deydi Tramp va Yevropa mamlakatlarini xarajatni qoplashda yetarlicha ish qilmayotganidan shikoyat qiladi.
Bundan tashqari, Tramp bir necha daqiqada Xitoy, Xalqaro savdo tashkiloti (XST) va sobiq AQSH Prezidenti kichik Jorj Bushni tanqid qilishga ulgurgan.
“Xitoy yillardir bizni shilib keladi, yana biz ularga 2 trln dollar qarzmiz”, deydi u. XSTni esa tashkilot Xitoyga istaganini qilishga ruxsat berganini aytib qoralaydi.
“Xitoy XSTgacha buyuk emasdi”, deb ta’kidlaydi Tramp. Kichik Bushni esa Yaqin Sharqda mojaro keltirib chiqarishda ayblaydi.
“Bush bizni urushga suqdi, Yaqin Sharqdagi vaziyatga aralashtirdi, qanday qoyilmaqom. Biz hozir Yaqin Sharqdamiz va bu bizga 7 trln dollarga tushdi”. Degan Tramp.
Videoning kesib olingan o‘rinlarini “ABC News” telekanali e’lon qildi. Unda kechki ovqat Vashingtondagi Trump International Hotel`da bo‘lgani aytiladi. “Bloomberg” yozuv Trampning impichmentiga aloqador ekanini ta’kidlayapti. Demokratlar esa Yovanovich Trampning Ukrainaga bosim o‘tkazib, ota-bola Baydenlarga qarshi surishtiruv boshlashiga erishishi uchun to‘siq bo‘lganini iddao qilyapti.
LiveBarchasi