O‘zbekistonda kutilayotgan chang bo‘roni, Si Szinpinni “qotil”ga chiqargan Tramp, o‘nglanmayotgan lira – yangiliklar dayjesti

Tahlil

image
Bugun, 20 dekabr O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar sodir bo‘ldi. Nihoyasiga yetayotgan kunning eng muhim voqealarining qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat 

Hokimlar ularning yordamchilariga yangi vazifalar yuklandi

Joriy yilning 15 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidentining “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Hujjatga asosan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 mln dollar ekvivalenti miqdoridagi qarz mablag‘lari Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) milliy valyutada yo‘naltiriladi.

“UzAutoMotors” 4 avtomobilni sotish bo‘yicha shartnoma tuzishni to‘xtatdi

“UzAutoMotors” kompaniyasi 2022 yil 1 fevralga qadar Nexia, Spark, Cobalt, Lacetti avtomobillarini sotish bo‘yicha yangi shartnomalar tuzishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonotida aytilgan.

“Hammamizga ma’lumki, logistika muammolari portlar va temir yo‘llarda (konteynerlar 6 oygacha kechikadi), shuningdek, butun bo‘ylab yarimo‘’tkazgichlarni etkazib berishda uzilishlar dunyo global avtomobil sanoatida uzoq davom etgan inqirozga olib keldi.

Afsuski, bizning kompaniyamiz ham bundan mustasno emas.

Kechayu kunduz ishlab chiqarishga qaramay, dilerlarning barcha sa’y-harakatlari va Kompaniya xodimlarining fidokorona mehnatiga qaramay, avtosalonlarda navbatlar tobora ortib bormoqda”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Toshkentda avtobus yonib ketdi

Bugun, 20 dekabr kuni Toshkentning uchtepa tumanida yo‘lovchi tashuvchi avtobusda yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, soat 07:50 da Uchtepa tumani Farhod ko‘chasida “O‘rikzor-Do‘mbirobod” 125-yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Mercedes-Benz rusumli avtobusda yong‘in sodir bo‘lgan.

FVBga bu haqda xabar kelgach, 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 07:56 da yetib borib, yong‘in soat 08:00 da o‘chirilgan. 

Maktablarda Yangi yilni nishonlash taqiqlandi

Maktablarda bolalar xavfsizligi hamda turli pul yig‘imlarining oldini olish maqsadida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq ayrim cheklovlar  joriy qilinmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoni hamda Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan joriy yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ta’lim muassasalari hududida Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish mumkin emas.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay XTV umumta’lim maktablarida yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar yo‘qligini aytib chiqdi.

Vazirlikning maktablarda Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq xabarnomaga bergan qo‘shimcha izohida XTV tomonidan umumta’lim maktablariga Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish bilan bog‘liq cheklov yuzasidan tegishli xati noto‘g‘ri talqin qilinganini ta’kidlagan.

QALAMPIR.UZ e’lonidan so‘ng ikki oy oldin bedarak ketgan qiz topildi

Avvalroq Samarqand shahar Qir mahallasi Bog‘imaydon ko‘chasida ota-onasi bilan birgalikda yashab kelgan 16 yoshli N.To‘raqulova ota-onasi bilan urushib qolib, 2021 yil 17 oktyabr kuni soat taxminan 19:30 larda hech kimga aytmasdan noma’lum tomonga chiqib ketib, bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergan edik. Samarqand viloyati IIB qizning topilishida fuqarolardan yordam so‘ragandi.

Viloyat IIBning ma’lum qilishicha, kecha, 19 dekabr kuni soat 21:00 larda bir fuqaro telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib, ushbu qiz yo‘qolganligi to‘g‘risidagi e’lonni QALAMPIR.UZ saytida ko‘rganini aytib, qiz to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Qo‘ng‘iroqdan so‘ng, soat tungi 3:00 larda viloyat IIB JQB hamda YHXB xodimlari Nihola To‘raqulova turgan joyni aniqlab, uni sog‘-salomat IIBga olib kelishgan.

Shoshilinch axborot! O‘zbekistonda kuchli shamollar bo‘lishi kutilmoqda

Joriy yilning 21-22 dekabrida O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi orqali Kavkaz hududlaridan nam va sovuq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmat markazining shoshilinch axborotida aytib o‘tilgan.

21 dekabrda respublika hududlari bo‘yicha shamol kuchayishi kutilmoqda: Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Toshkent, Sirdaryo, Surxandaryo viloyatlarida 17-22 m/s gacha; Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida 17-22 m/s gacha, ba’zi joylarda 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Sirdaryoda fuqarolarni muttasil qiynab kelgan IIB xodimlariga sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyer shahar sudida ichki ishlar organlarida ishlab turib, fuqaroni qiynoqqa solgan, unga asossiz ayblov qo‘ygan va boshqa qator jinoyatlarni sodir etishda ayblangan shaxslarga nisbatan ochilgan ish ko‘rib chiqish yakunlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ'ga Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Sud majlisida sudlanuvchilar A.Q. (1989 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi katta tezkor vakili lavozimida ishlagan), E.M. (1994 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan), N.A. (1998 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan) va B.Sh. (1998 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Guliston shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-sonli mahalla ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakili lavozimida ishlagan) ga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi.

Olam

Tramp Si Szinpinni “qotil” deb atadi

AQSHning sobiq Prezidenti Donadd Tramp Xitoy raisi Si Szinpinni “qotil” deb, u bilan chiqishganini qo‘shimcha qildi.

“Men Prezident Si bilan yaxshi munosabatda bo‘lganman. Men haqiqatda unga yoqaman deb o‘ylardim, u esa menga”, degan Tramp Fox telekanaliga bergan intervyusida.

U bilan suhbatlashgan jurnalist Mariya Bartiromo “u qotilmi?”, deb baqirib, sobiq Prezidentni gapini bo‘lgan.

“O‘zbekistonda kiyim sotib olishga to‘g‘ri keldi”. G‘anining qochishi bo‘yicha tafsilotlar e’lon qilindi

Afg‘onistonda hokimiyat “Tolibon” harakatiga o‘tgan kuni sobiq Prezident Ashraf G‘ani amerikaliklar bilan uchrashishdan qochgan, chunki “boshqa ishonch bo‘lmagan”. Bu haqda G‘anining xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Hamdulla Mohib ma’lum qildi. 

Ta’kidlanishicha, G‘ani “Tolibon” Qobulni qo‘lga olishi arafasida “qirg‘inning oldini olish” istagini aytib, mamlakatni tark etgan. AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha sobiq maxsus vakili Zalmay Xalilzod joriy yilning sentyabr oyida G‘anining qochib ketishi amerikaliklar va “Tolibon” o‘rtasidagi kelishuvga putur yetkazganini aytgandi. Unga ko‘ra, “Tolibon” poytaxtni bosib olishdan bir necha soat oldin Qobulga ikki hafta kirmaslikka va’da bergan. Xalilzodning aytishicha, kelishuv vaqtida AQSH ma’muriyatida hech kim G‘anining mamlakatni tark etish niyatidan shubha qilmagan. 

2021 yilning eng yomon filmlari ma’lum bo‘ldi

Amerikalik kinotanqidchi Alonso Duralde “Red Notice” (Qizil xabarnoma) va “Don’t Look Up” (Yuqoriga qaramang) komediyasini 2021 yilning eng yomon filmlari deb atadi. Bu haqda “Entertainment Weekly” nashri xabar bermoqda. 

Duralde 2021 yilda eng ko‘p omadsizlikka uchragan 10 ta film ro‘yxatini tuzib, ularni alifbo tartibida sanab o‘tdi. Ular orasida aktyor Tom Xolland ishtirokidagi ikkita film   – “ Chaos Walking” (Xaos qadami) ilmiy-fantastik filmi va “Best Picture Cherry” (Pastga) dramasini ham kiritilgan. 

“Omicron”. Chegaralarini birinchi bo‘lib yopgan davlatda beshinchi to‘lqin boshlandi 

Isroilda SARS-CoV-2 ning “omicron” shtammi tarqalishi fonida koronavirusning beshinchi to‘lqini boshlandi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Naftali Bennet ma’lum qildi. 

“Omicron” allaqachon mamlakatda, Knessetdan tortib bolalar bog‘chalarigacha tez tarqalmoqda”, degan Bennet. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu shtamm bilan kasallanganlar soni oz bo‘lsa-da, lekin u kundan-kunga ortib bormoqda. 

Lirani o‘nglab bo‘lmayapti. Turkiya puli yana keskin qadrsizlandi

Turkiya savdo ma’lumotlariga ko‘ra, turk valyutasi qadrsizlanishda davom etmoqda. Bugun, 20 dekabr kuni mamlakat Markaziy banki asosiy stavkani pasaytirgandan so‘ng lira 6 foizga qadrsizlanib, bir dollar 17,38 liraga teng bo‘ldi.

Joriy yilning 16 dekabr kuni Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani 15 foizdan 14 foizga pasaytirish haqida qaror qabul qildi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an diskont stavkasini pasaytirish tarafdori va bu inflyatsiyaning pasayishiga olib keladi deb hisoblamoqda. Shuningdek, u 2019 yil iyulidan buyon Markaziy bank rahbarini uch marta, Moliya vazirini esa 2021 yil noyabridan beri ikki marta almashtirgan.

Sport

“Barselona” 5 nafar futbolchisidan qutulmoqchi

“Barselona” yanvar oyida bir nechta futbolchilar bilan hamkorlikni tugatishi mumkin. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar berdi.

Klub moliyaviy feyr-pley me’yorlarini bajarish uchun ushbu transfer oynasi orqali futbolchilarni sotish ustida ishlamoqda.

Kataloniyaliklar Filippe Koutino, Samuel Umtiti, Neto, Lyuk De Yong va Serjino Destni sotib yubormoqchi. Ularning barchasi murabbiy Xavining rejalariga to‘g‘ri kelmaydi, shuningdek, Koutino, Umtiti va Neto yuqori maoshli futbolchilar sanaladi.

“Tottenxem”da texnik mag‘lubiyat: jamoa YeKLni erta tark etdi

UEFA Konferensiya ligasi guruh bosqichining 6-turidan o‘rin olgan “Tottenxem” – “Renn” uchrashuvi bo‘yicha qaror qabul qildi.

Avvalroq, London klubi futbolchilarida koronavirus aniqlangani sababli o‘yin bekor qilingan edi. O‘yin “shporlar”ning aybi bilan bo‘lib o‘tmagan, deb qaror qilindi, shu sababli “Tottenxem”ga 0:3 hisobidagi texnik mag‘lubiyat yozildi.

Shu tariqa, “Renn” 14 ochko bilan Konferensiya ligasi “G” guruhida birinchi, “Vites” 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. “Tottenxem” hisobida esa 7 ochko bor va London klubi guruhda uchinchi o‘rinni egallab, kutilmaganda turnirni tark etdi.

Ommalashtirish qiyin jarayon – UFC prezidenti Habibning ligasi haqida

UFC prezidenti Dana Uayt Xabib Nurmagomedovning “Eagle FC” jangovar promoushenini yaratish qaroriga izoh berdi.

“Men Habib bilan uning promousheni haqida gaplashmadim. Endi u boshqa tomonda bo‘lish qanday ekanligini bilib oladi. Tomosha qilish juda qiziq. Meni chaqirsa, albatta, maslahat beraman. Ammo ligani ommalashtirish qiyin jarayon”, deydi Uayt.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

140

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing