Davlatning boshiga ish tushganda, monopollar qay burchakda yotibdi?

Intervyu

image

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilganiga bir oydan oshdi. Mamlakatda bemorlar soni 1692 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 424 nafari sog‘aydi, 7 nafari vafot etdi. O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston Rossiyadan 500 ta sun’iy nafas olish moslamalarini xarid qildi. 

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga Osiyo taraqqiyot banki hamda Jahon bankining 30 million dollar mablag‘i evaziga o‘pkani sun’iy ventilyatsiya qiluvchi 2 ming 300 ta apparat va boshqa uskunalar sotib olish vazifasi qo‘yildi.

O‘zbekistonda o‘tgan 30 yil davomida bir qator maishiy texnikalar, tibbiyot uskunalarini ishlab chiqarish korxonalari ish boshladi. Ularning ayrimlari mamlakatda keng quloch yozib, nari-berisi bilan monopolga aylandi. Xo‘sh, butun dunyo, jumladan O‘zbekistonning boshiga og‘ir kun kelganda ular qayerda? Nega falon millionga xorijdan xarid qilinayotgan texnikalar o‘zimizda ishlab chiqarilmaydi? Tadbirkorman deb bong uradiganlar, ko‘krak keradiganlar ayni shu vaqtda davlatning koriga yaramaydimi? Yo ularning tadbirkorligi xorijda chiqqan telefonu televizorning matohlarini o‘zimizga olib kelib, terishgachami?

QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respulikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati – “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxonovga yuqoridagi savol bilan yuzlandi. 

“Bunday vaziyatda kimnidir tanqid qilish to‘g‘ri bo‘lmas, lekin tanqid deb qaralsa ham aytish kerakki, biznesni, hatto, nodavlat-notijorat tashkilotlarni ham bugungi vaziyatga moslasha olmaganini ko‘rishimiz mumkin. Hatto, ko‘p biznes hamjamiyati nolishni boshlayapti: bizda muammo bo‘lyapti, ertaga nima qilamiz? Nimaga moslashish haqida o‘ylashmaydi? Yoki bo‘lmasa nodavlat-notijorat tashkilotlar haqida gapirsak, juda ko‘p edi bong urayotgan, yordam beradigan fondlar. Hozir shularni ko‘rmaganimiz uchun davlat tomonidan xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi tuzishga majbur bo‘lindi. Men bu markazning faoliyati ham tizimli bo‘lishi uchun nodavlat tashkilot bo‘lishi tarafdoriman. 

Bizda mobillik yetishmasligi, hatto, shu vaqtda ham ko‘rindi. Biznesda ham shunday. Bu monopoliyaning oqibatlari. Ya’ni monopol tashkilotlarning o‘zi bunga o‘rganib qolgan, shunday paytda ham ertaga ko‘proq imtiyoz olaman deb, imtiyozga o‘rganib qolgan. Monopol bo‘lmagan tashkilotlar esa “biz qilmasak ham monopol tashkilotlarga baribir beriladi”, degan kayfiyatda bo‘lishi mumkin”.

O‘zbekiston o‘tgan vaqt ichida sun’iy nafas berish qurilmasidan tashqari, Xitoydan 200 ming dona, Germaniyadan 50 ming dona testlarni xarid qildi. Bu orada mamlakatda antiseptik vositalar, haroratni o‘lchovchi texnik buyumlarning narxi ko‘tarildi. Harorat o‘lchash moslamalari import bo‘lgani uchun sifati yuzasidan e’tiroz bildirish mavridi emas. Nega shu moslamalar o‘zimizda, aytalik Artel zavodida ishlab chiqarilmayapti?

Xo‘sh, qaysidir tadbirkor haroratni o‘lchovchi moslamalarni ishlab chiqarmoqchi yoki xorijdan arzon narxda testlar olib kelinishiga hissa qo‘shmoqchi bo‘lsa qaysi tashkilot eshigini qoqishi kerak? Buning shaffof tizimi mavjudmi? Akmal Burxonov bu savolga quyidagicha javob berdi? 

“Bundan bir necha kun avval “Yuksalish” umummilliy harakati ikkita bayonot berdi. Birinchisi nodavlat-notijorat tashkilotlarga, ikkinchisi biznes hamjamiyatiga qaratilgan edi. Aynan shu testlarni olib kelishda yordam berish masalasida murojaat qilgandik. Mana, Qirg‘izistondan o‘rnak olishimiz kerak. Men Qirg‘izistonni ham kuzatib bordim. Yirik tadbirkorlar chet eldagi hamkorlari bilan kelishib, testlarni sotib olish bo‘ychi davlat tomonidan yordam so‘radi. Qani bizda o‘sha tashabbus? 

Bizda bunday murojaatlar uchun O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi, Biznes ombudsman bor. Bundan tashqari alohida Telegram-kanal ochildi. Eng asosiysi, biz “Yuksalish” umummilliy harakati bor. Biz doim ko‘prik vazifasini o‘taganmiz. Bizga qaysi murojaat kelayotgan bo‘lsa, maxsus komissiyaga, Hukumatga hamda Prezident Administratsiyasiga kiritib boryapmiz va uning aksariyati qo‘llab-quvvatlanyapti”, deydi deputat. 

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda va YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Monopoliya Akmal Burxonov

Baholaganlar

397

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing