Monopoliyaga qarshi talablarni buzgan korxonaga chora ko‘rildi
3-sahifa
−
28 avgust
2386“Real agro cotton” UKga manipulyatsiya harakatlari sodir etganligi uchun tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomining 29-bandiga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini o‘tkazib borilishi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi “O‘zbekiston Respublikasi Tovar xom ashyo birjasi” Toshkent filialining taqdim qilgan ma’lumotlarini o‘rganish davomida “Real Agro Cotton” UK tomonidan 2023 yilda yig‘ib olingan paxta hosili hisobidan jami 17 ming tonnadan ziyod texnik chigit mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotib, manipulyatsiya harakatlarini sodir etganlik holatlari aniqlangan.
Ma’lumot o‘rnida, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi 3-qismi 12-xatboshisida “Faqat birja savdolariga qo‘yish yo‘li bilan sotilishi lozim bo‘lgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlar hajmlarini birja savdolariga qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish” harakatlari monopoliyaga qarshi talablarni buzilishi sifatida belgilab ko‘rsatilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomining 311-bandi 18-xatboshisida, “Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotish” harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi.
“Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi yuqoridagi nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “Real Agro Cotton” UKga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi”, deyiladi xabarda.
Biroq qo‘mita ta’sir chorasi nimadan iboratligiga aniqlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Hududgazta’minot” qonunchilik talabiga zid ravishda amalda yetkazib berilmagan tabiiy gaz hajmlari uchun “Ravon yo‘l invest” MCHJga noqonuniy qarzdorlik hisoblangani aniqlangandi.
LiveBarchasi