Har yili 50 ta korxonaga IPO’ga chiqishga yordam beriladi
Jamiyat
−
21:39 418 2 daqiqa
O‘zbekistonda har yili daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinadi va ularga IPO’ga chiqishga yordam beriladi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Joriy yil ilk bor 13 ta strategik kompaniya aktiviga ega Milliy investitsiya jamg‘armasining 30 foiz ulushi Toshkent va London fond birjalariga chiqarildi. Mazkur tajriba xususiy sektor uchun ham tashqi kapital bozorlarga yo‘l ochgan.
Endi mahalliy korxonalarni kapital bozoriga olib chiqish uchun nufuzli investitsiya banklari bilan akseleratsiya dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Har yili daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinadi.
Ularni IPO’ga tayyorlash, hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatining yarmi qoplanadi. Bu xususiy korxonalarga chetdan yiliga kamida 1 milliard dollar jalb qilish imkonini beradi.
Prezident har yili 50 milliard dollarlik yuqori texnologik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotganini qayd etib, ularda kadr tayyorlash komponenti bo‘lishi shartligini ta’kidlagan.
“Har bir loyihaning samarasi faqat texnologiyaga emas, uni ishlata oladigan malakali kadrlarga bog‘liq”, deydi davlat rahbari.
Urganchda Germaniya va Xitoy tajribasi asosida o‘quvchilarni “yashil” energetika, qurilish, hamshiralik, agronomlik, elektrotexnika kabi 10 turdagi kasbga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tajriba respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi.
Texnikum tashkil qiladigan yoki davlat texnikumini olib xalqaro standart asosida kadr tayyorlaydigan tadbirkorlarning xarajatlari solig‘idan chegirib beriladi. Shu tizim orqali 1 million yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsad qilingan.
Live
Barchasi