Ayrim korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz bo‘ladi

Jamiyat

image

Joriy yil 1 oktyabrdan qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun ushbu xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz bo‘ladi. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Joriy yilning 3 sentyabr kuni davlat rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda hududlarda ishni tashkil etish tartibi tubdan o‘zgartirilib, asosiy vakolat va resurslarni tuman darajasiga tushirish belgilangandi.

Yangi tizimga muvofiq, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilib, bandlik idoralari va iqtisodiy kompleks tashkilotlari odamlarni ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish masalalarini joyning o‘zida hal qilishi lozim.

Bugungi yig‘ilishda ana shu vazifalar ijrosi, shtablar faoliyati va joylarda mavjud imkoniyatlardan foydalanish holati tanqidiy ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, barcha hududlarda shtablar ish boshlagan. Ularning faoliyatini samarali tashkil etish uchun iqtisodiy kompleksdan har bir viloyatga 2 nafardan, jami 28 nafar mas’ul rahbar biriktirilgan. Islohotlar shtabi, vazirliklar, banklar va mahalliy hokimliklar yangi tizim asosida ishni boshlagan.

Shu bilan birga, ayrim rahbarlar hali ham ishni kabinetdan turib tashkil etayotgani, mahallaga tushib, har bir oila va har bir korxonadagi haqiqiy holatni o‘rganmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Davlat rahbari bunday yondashuv bilan natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Hokimlar kambag‘allik masalasiga faqat ijtimoiy reyestr nuqtai nazaridan qaramasligi zarurligi qayd etilgan. Ijtimoiy reyestr aholini qo‘llab-quvvatlash vositasi, kambag‘allikni qisqartirish esa oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash, ish o‘rni, infratuzilma hamda sharoit yaratish bilan bog‘liq kompleks vazifasi.

Yig‘ilishda har bir tumanda tayyor imkoniyatlarni ishga solish orqali bandlikni oshirish mumkinligi aniq misollar asosida ko‘rsatib o‘tilgan.

Jumladan, Qo‘shko‘pir tumanida 43 million yevroga qurilgan, 1 ming 300 ta ish o‘rniga mo‘ljallangan to‘qimachilik korxonasi yil boshidan buyon ishlamay turgani tanqid qilingan. Korxona faoliyati tiklansa, bank tomonidan krizis-menejer jalb etilib, u to‘liq quvvatga chiqarilishi mumkin.

Shu kabi 124 ta korxonaning 6 trillion so‘mlik aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni bank boshqaruviga berish orqali 10 ming ish o‘rnini tiklash imkoniyati borligi qayd etilgan.

Oqoltin tumanidagi “Oqoltin mega tekstil” korxonasi misolida ham banklar balansiga o‘tgan tayyor ob’ektlarni qismlarga bo‘lib sotish o‘rniga ularni qayta ishga tushirish orqali yuzlab odamlarni band qilish mumkinligi ko‘rsatilgan.

Umuman, davlat banklari balansida 10 trillion so‘mlik 2,5 mingga yaqin mol-mulk mavjud. Ularni samarali ishga solish orqali 40 mingtagacha ish o‘rni tiklanishi mumkin.

Mutasaddilarga bir hafta muddatda qarzdorlik hisobiga banklar balansiga o‘tgan korxonalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, yil yakuniga qadar ularni yaxlit ishlab chiqarish sifatida sotish yoki menejer tayinlab, faoliyatini tiklash choralarini ko‘rish topshirilgan.

Qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun 1 oktyabrdan ushbu xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz bo‘lishi belgilangan. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing