“Dom”larning 1-qavatida tadbirkorlik qilish osonlashadi
Jamiyat
−
19:58 617 2 daqiqa
O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda xususiy sektor imkoniyatlaridan samarali foydalanishga ham e’tibor qaratilgan. Oqoltin tumanida tadbirkor tomonidan 880 o‘rinli xususiy maktab tashkil etilib, ehtiyojmand oilalarning 110 nafar farzandi bepul o‘qitilayotgani ijobiy misol sifatida keltirilgan.
Ushbu tashabbusning muhim sharti shundaki, bepul ta’lim olayotgan bolaning ota-onasi ishga joylashishi, farzandining muntazam darsga qatnashini ta’minlashi kerak. Natijada ota-ona ishli bo‘ladi, farzand esa sifatli ta’lim oladi.
Hazorasp tumanidagi tikuvchilik korxonasida 400 ta bo‘sh ish o‘rni borligi, biroq bola parvarishi bilan bog‘liq sharoit yetarli emasligi sababli ko‘plab ayollar ishga chiqa olmayotgani qayd etilgan. Korxona rahbari bog‘cha tashkil etish uchun yer ajratilsa, ayollar uchun ovqatlanish va transport sharoiti yaratishga tayyorligini bildirgan.
Shu munosabat bilan tadbirkorlar bog‘cha, maktab va texnikum tashkil etish bo‘yicha tayyor loyihalar taklifi bilan chiqib, ehtiyojmand oila farzandlarini bepul o‘qitmoqchi bo‘lsa, davlat yer uchastkalarini 1 million so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarishga tayyor ekani ta’kidlangan.
Aholi bandligini oshirishda servis sohasining imkoniyatlari ham muhokama qilingan. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida sartaroshxona, go‘zallik saloni, kichik do‘kon, atele, poyabzal va maishiy texnika ustaxonasi kabi odamlarga qulay xizmat turlarini tashkil etish mumkin. Biroq amalda xonadonni noturar joyga o‘tkazish uchun ortiqcha tartiblar va ruxsatlar talab etiladi.
Shu bois, ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif etildi. Bunda xabardor qilishning o‘zi yetarli bo‘ladi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda bunday xonadonlarda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan xizmat turlari ro‘yxati va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirilgan.
Live
Barchasi