Birorta g‘o‘ddaygan boyvachcha paydo bo‘lsa, kechirmayman – Prezident (video)

Jamiyat

image

Har bir tadbirkor va kompaniya oldin O‘zbekiston xaritasini biladi, lekin u yerda jinoyatchilikni jilovlashga erishilgan-erishilmaganini ham inobatga oladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 sentyabr kuni Toshkent shahri tumanlarini rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Prezident yig‘ilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga murojaat qilgan.

“Jinoyatni jilovlamagunimizcha ishning barakasi bo‘lmaydi, tadbirkor kelmaydi. Mana shuni bilinglar. Har bir tadbirkor, kompaniya oldin O‘zbekistonning xaritasini biladi, lekin jinoyati jilovlanganmi, yo‘qmi hisobga oladi. Shuning uchun, sen Ichki ishlar vaziri hammaga namuna bo‘lishing kerak. Hammalaring shuni bilinglar, kichkina ish qilmayapsizlar”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Prezident O‘zbekistondagi tinchlikka shukronalik bildirish keraklgini, lekin shu bilan birga ikki karra ko‘p ishlash zarurligini ham aytgan.

“Vaqtincha ish qilaman deb o‘ylamanglar. Bitta narsani bilinglar, shukronalar deyishimiz kerak bu tinchlikka. Lekin xalqimiz tinch yashashi uchun ikki karra ko‘p ishlashimiz kerak. Odamlar tinch, bemalol uyida, emin-erkin, hech kimdan qo‘rqmasdan yashashi kerak”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda birdamlik, hamjihatlik bo‘lishi zarurligini qayd etgan.

“Birorta g‘o‘ddaygan boyvachcha paydo bo‘lsa, birortangni kechirmayman. Mana shuni bilgin hammang. Davlat bo‘lishi kerak. Ana shunda bizda birdamlik bo‘ladi, hamjihatlik bo‘ladi, odamlar bizga ishonadi”, deydi Prezident.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning dekabr oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llayotgan murojaatnomasida O‘zbekistonning jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudrati yetishini va buni albatta qilishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing