Davlat organlari o‘z piari uchun 700 mln so‘mgacha pul sarflashi aniqlandi
Jamiyat
−
03 fevral 2023
8901Davlat organlari o‘z faoliyatiga doir ma’lumot, PR maqolalarni keng auditoriyaga ega axborot resurslari orqali e’lon qilish maqsadida 50 milliondan 700 million so‘mgacha, viloyat hokimliklari 50-100 mln so‘mgacha, ayrim davlat ishtirokidagi korxonalar esa 3-4 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi shartnomalar imzolagan. Bu bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganish ishlarini olib borganini QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining o‘rganishlariga ko‘ra, tashkiliy tuzilmasida axborot xizmati shtat birliklari mavjud bo‘lsada, ayrim davlat idoralari yoki davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan internet nashrlari va reklama agentliklari bilan yirik miqdordagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilgani aniqlandi”, deyilgan maqolada.
O‘rganishlarga ko‘ra, OAVning auditoriyasi, nufuzi va boshqa bir qator ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, 1 ta axborot (maqola) joylashtirish yoki boshqa turdagi PR xizmatlari uchun narxlar o‘rtacha 1,5 mln so‘mdan 30 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorlarni tashkil etganligi aniqlangan.
“E’tiborlisi, ushbu shartnomalarning aksariyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan bo‘lib, ayrim shartnomalar bo‘yicha mablag‘lar ajratilishining huquqiy asoslari mavjud emasligi aniqlandi.
Xususan byudjet tashkilotlariga tegishli bo‘lgan jamg‘armalarning Nizomida ushbu maqsadlarga pul mablag‘lari ajratish nazarda tutilmagan.
Ushbu holatlar mablag‘larning maqsadsiz sarflanishiga olib kelganligi bilan bir qatorda turli korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqishiga sabab bo‘lgan”, degan agentlik.
Ta’kidlanishicha, davlat organlarining yetakchi OAVlar bilan reklama bo‘yicha shartnomalarni imzolashi bu keng jamoatchilikning, shu jumladan, mazkur OAVlar tomonidan buyurtmachi tashkilot faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
“Vaholanki, qonunchilikda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatining asosiy vazifalari belgilab berilgan bo‘lib, yuqorida qayd qilingan shartnomalar predmeti aslida axborot xizmatining funksional vazifasi hisoblanadi”, deya eslatgan agentlik.
Shuningdek, Antikorrupsiya agentligi o‘rganish natijalari bo‘yicha aniqlangan holatlarda davlat tashkilotlari byudjet pullarini amaldagi qonunchilik normalariga muvofiq asosli sarflanganini ko‘rib chiqish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuborgan.
“Ushbu sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritildi.
Jumladan, barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan OAV, reklama agentliklari va boshqa tadbirkorlik sub’ektlari bilan matbuot anjumani, brifing, mavzuli teleko‘rsatuv va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, reklama joylashtirish, maqola chop etish yuzasidan tuzilgan shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan resurs va muddatlarda majburiy ravishda ochiq e’lon qilib borish tartibini joriy qilish taklif etilmoqda” deya xulosa qilingan maqolaga.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov davlat tashkilotlarining piar kompaniyalari haqida gapirib, davlat idoralari va tashkilotlari, shu jumladan, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar o‘zlarining piar kampaniyasi uchun sarflayotgan mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ularning huquqiy asosi va manbasini jamoatchilikka ochiqlashi zarurligini aytgan edi.
LiveBarchasi