Korrupsiya agentligi yangi mashina sotib olmoqchi
Jamiyat
−
04 Sentabr
7224Ijtimoiy tarmoqlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 380,9 mln so‘mga bir dona BYD Song Plus DM-i Champion rusumli transport vositasi xarid qilinayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Agentlik matbuot kotibi Sherzod Saparov buni tasdiqladi.
Qayd etilishicha, agentlik yoqilg‘i-moylash mahsulotlari xarajatlarini tejash hamda byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish maqsadida, agentlik balansidagi iqtisodiy samaradorligi past 2 ta avtotransport vositasi – 2017 yilda ishlab chiqarilgan Captiva hamda 2018 yilda ishlab chiqarilgan qora rangli Malibu-2’ni auksionda sotuvga qo‘ygan.
Ularning narxi esa 276 million 249 ming so‘m (Malibu-2) va 253 million 548 ming 617 so‘m (Captiva) etib belgilangan. Agentlik ushbu mashinalardan tushgan pullar hisobiga bir dona yoqilg‘i-tejamkor BYD Song Plus DM-i Champion avtomobili xarid qilishni reja qilgan.
“Avtotransport vositalari sotuvidan tushgan mablag‘lar qonunchilikda belgilangan tartibda 50 foizi byudjet daromadiga, 50 foizi agentlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Xarid qilinayotgan yangi xizmat avtomashinasi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablari doirasida amalga oshirilmoqda”, deydi Saparov.
LiveBarchasi