Chexiya poyezdda Ukrainaga qurol yubordi
Olam
−
28 fevral 2022
7365Chexiya kecha, 27 fevral kuni Ukrainaga yordam berish uchun poyezdda qurol yubordi. Bu haqda Chexiya qurolli kuchlarining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilindi.
“Biz ukrainalik jangchilarga yordam jo‘natyapmiz. Ertalab [qurol yuki] Chexiya-Polsha chegarasini kesib o‘tdi va [Ukraina hududiga] davom etmoqda. Biz keyingi [poyezdni] yuklayapmiz”, deyiladi xabarda.
Chexiya hukumati Ukraina Qurolli kuchlariga 220 million kron (taxminan 9,86 million dollar) miqdoridagi qurol va o‘q-dorilarni topshirishni ma’qullagan. Bular pulemyotlar, avtomatlar, snayper miltiqlari, to‘pponchalar va tegishli o‘q-dorilardir. Chexiya Mudofaa vazirligi qurol-aslahalarni Ukraina tomoni belgilaydigan manzilga yetkazib beradi. Chexiya Ukraina qurolli kuchlariga 152 mm kalibrli 4000 ta artilleriya snaryadlarini sovg‘a qilgan.
Keyinroq hukumat yana 400 mln kron (taxminan 17,9 mln dollar) midoridagi qurollarni Ukrainaga topshirishni ma’qullagan.
“Biz tartibga solamiz, tanlaymiz, topshiramiz Ukraina bu borada yolg‘iz emas!”, deyiladi Chexiya Mudofaa vazirligining Twitter’dagi sahifasida.
Chexiya hozirda qurol ortilgan ikkinchi poyezdni Ukrainaga jo‘natgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi