Bunday holatlarni xotirjam kuzatish mumkin emas – Saida Mirziyoyeva to‘yida kelinni kaltaklagan kuyov haqida
Jamiyat
−
16 iyun 2022
57962Ijtimoiy tarmoqlarda videosi tarqalgan, to‘y vaqtida kuyov kelinni urgani kabi holatlarga bir-bir bo‘lib turadi-da, deb oddiy qarash mumkin emas. Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva Surxondaryodagi to‘yda kuyov kelinni urganiga munosabat bildirib, shunday fikrni ilgari surdi.
“Kelinni, tanlovda g‘olib bo‘lishga jur’at etgani uchun, to‘yda urgan kuyov videosi jamiyatimizda katta rezonans uyg‘otdi.
Bu hodisa qayerda sodir bo‘lgani muhim emas, o‘zimizdami yoki qo‘shni yurtdami, ikki kun oldinmi yoki ikki yilmi - farqi yo‘q. Bu jirkanch vaziyatga bizning munosabat muhim.
Agar bu hodisa sizni va atrofingizdagilarni g‘azablantirgan, hayratga solgan bo‘lsa, demak atrofingizda sog‘lom jamoa bor.
Mabodo “ayol erkakka yon bosishi shart”, “o‘zi aybdor, tili uzun bo‘lsa kerak” kabi gaplarni eshitayotgan bo‘lsangiz, mana bu haqiqiy falokatdir”, deydi Saida Mirziyoyeva.
U so‘zida davom etib, rivojlangan, madaniyatli yurtda, boy va baxtli yashashni xohlaydigan barcha odamlar ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini anglashi va shu qarashda qat’iy turishi zarurligini urg‘ulagan.
“Bunday holatlarni xotirjam kuzatish, bir-bir bo‘lib turadi-da, deb oddiy qarash mumkin emas. Va kaltabin kuyovto‘rani qoralab, kelinga rahmimiz kelar ekan, o‘z farzandlarimizga nisbatan ham shunday munosabatda bo‘lmaslik, ya’ni maktabni bitirgach o‘qishni taqiqlamaslik, iloji boricha tezroq turmushga berishga yoki uylantirishga harakat qilmaslik, o‘z aqli bilan yashashga ruxsat berish muhimdir.
Aynan shu bois bizga istiqbolli keng yo‘llarni ochadigan, ayollarni mustaqil va kuchli qiladigan ta’lim zarur. Ta’lim bizga hayotimizni qanday o‘tkazishni tanlash imkonini beradi”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, ushbu holat xalqaro OAVning ham e’tiborini tortmasdan qolmadi. Xususan, Germaniyaning ommaviy “Bild” nashri ushbu video orqali O‘zbekistonda ayollar bilan bog‘liq holatga baho berishga urindi.
“Ba’zilar uchun bu ajoyib kun va er-xotin sifatida baxtli hayotning boshlanishi. Ammo dunyodagi ko‘plab ayollar uchun bu nikoh do‘zaxiga sayohat uchun faqat boshlang‘ich signaldir!”, deya yozgan nashr.
Holat aks etgan video O‘zbekiston chegaralaridan ancha uzoqqa yetib borishi ortidan to‘yda kelinni kaltaklagan kuyov topilib, unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgani bildirildi.
LiveBarchasi