Bir yilda til bilan nimalar bo‘ldi?
Jamiyat
−
21 Oktyabr 739 7 daqiqa
Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu, bo‘lak ishni qotirmadim.
Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag‘ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Bu she’r yozilganiga qariyb 30 yildan oshdi, ammo ushbu satrlar ortida berkingan muammo hanuz to‘la hal etilgani yo‘qdek go‘yo. Hozir ham tilimizga nisbatan faxr 21 oktyabr kunidagi bayramlarda, sahnalardagi she’rlarda va monologlarda qolmoqda. Ammo ko‘chaga chiqqaningiz zahoti ruscha yoki inglizcha so‘zlarni aralashtirib gapirish, do‘kon-u korxonalarga allambalo xorijiy so‘zlarni nom qilib qo‘yish odatiy hol bo‘lib qolgan.
Qanday gapirish yoki o‘z bizneslariga qanday nom qo‘yishni odamlarga buyurib bo‘lmaydi, albatta. Biz ham buni ta’kidlashdan yiroqmiz, zero vatan yoki tilga nisbatan muhabbatni faqat shu omillar orqali baholash ham to‘g‘ri emas. Bundan tashqari, har qanday tilni o‘rganish foydadan xoli emas.
Ammo O‘zbekistonda rus tilining mavqei o‘zbek tilidan yuqori bo‘lishi, rusiyzabon insonlar o‘zini boshqalardan ustun bilishiga toqat qilib bo‘ladimi? Vaholanki, ming bora aytilsa ham hanuz eskirmagan mavzuga qaytishga majburmiz.
Yaqinda Centrum Air aviakompaniyasi bilan yuz bergan voqea hali hech kimning yodidan chiqib ulgurmagan bo‘lsa kerak. Eslay olmayotganlar yoki bexabarlar bo‘lsa, eslatay. Shu yilning 5 oktyabr sanasida aviakompaniyaning C6468 Samara – Toshkent reysiga Komil ismli fuqaro chiqarilmagan. Bilet bilan bo‘lgan muammo yoki shubhali ko‘ringani uchun emas, styuardessadan o‘zbek tilida gapirishni so‘ragani uchun. Toshkentga uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchi samolyotga chiqishida styuardessadan unga o‘zbek tilida murojaat qilishini so‘ragan. Xodim esa qilgan ishi uchun yo‘lovchidan uzr so‘rash o‘rniga, unga “Xohlasam ruscha, xohlasam o‘zbekcha gapiraman”, deb javob bergan. Shundan so‘ng, samolyot kapitani bilan gaplashib chiqqan bort kuzatuvchisi fuqaroni reysga chiqarmagan.
Buni qarangki, qahramonimiz bloger bo‘lib, Instagram’da ham ancha-muncha kuzatuvchiga ega ekan. Voqeani shartta tasvirga olibdi-da, uni o‘z sahifasiga joylab yuborgan.
Shuningdek, qahramonimiz o‘zini toqatli ekanligini aytib, 30 dan ortiq davlat va 150 dan ziyod shaharlarni aylanib chiqqani va o‘zi bilan bunday holat oldin hech qachon yuz bermaganini ta’kidlagan. U Jiddadan Toshkentga kelishida 18 soat, Istanbuldan qaytishda esa 7 soat kechikkanida ham aviakompaniya ustidan shikoyat qilmaganini bildirgan. Ammo shunchaki xodimdan o‘ziga o‘zbek tilida murojaat qilishni so‘ragani uchun uni reysga chiqarishmagani Komil akaning toqatini toq qildi.
“Aybim – “o‘zbekcha gapiring”, deganimmi? Hattoki rus millatli ichki ishlar xodimlari ham hayron qoldi, bunday holat birinchi marta bo‘ldi deb. Agar menda xato bo‘lganda Rossiya ichki ishlar xodimlari enamni ko‘rsatardi, deport qilardi, jarima qilardi, kerak bo‘lsa, qamab qo‘yishardi. Pasportimni olib kirib ketishib, bir soat tekshirishdi va qaytarib olib chiqib uzr, vaqtingizni olganimiz uchun deb kechirim ham so‘rashdi”, deb yozadi Komil aka.
Reysdan tushirib yuborilganidan keyin fuqaro Samaradan Moskvaga uchishga majbur bo‘lgan va u yerdan Toshkentga boshqa bir samolyot orqali yetib kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Centrum Air reysi uchun olgan chipta puli qaytarib berilmagan.
O‘sha kuniyoq berilgan aviakompaniya munosabatida esa barcha ayb yo‘lovchining o‘ziga ilingan. Centrum Air Press rasmiy Telegram sahifasida yozilishicha, fuqaroning o‘zi xodimga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgan va qo‘pol ohangda talablar qo‘ygan.
“Mazkur holatda C6468 Samara – Toshkent reysi yo‘lovchisi bort kuzatuvchisiga nisbatan tajovuzkor munosabatda bo‘lgan: qo‘pol tarzda talablar qo‘ygan, xodimani haqorat qilgan va yo‘lovchilarning bortga chiqishi vaqtida uning ishiga xalaqit bergan. Bunday xatti-harakat bortdagi xavfsizlik va tartibga tahdid tug‘dirishi mumkin edi, shu sababli havo kemasi komandiri yo‘lovchini parvozga qo‘ymaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu qarorni to‘liq asosli deb hisoblaymiz”, deb yoziladi munosabatda.
Shuningdek, kompaniya barcha voqea tafsilotlari yozib olinganligi, hatto yo‘lovchi ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish masalasi muhokama qilinayotganini aytgan. Biroq post bilan birga na video material va na biror-bir surat taqdim etildi.
Aksincha, keyinchalik jamoat bosimidan so‘ng, Centrum Air bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Ma’rufjon Madaliyev X'dagi (sobiq Twitter) sahifasi orqali asl aybdor styuardessa bo‘lgani va u aybini tan olganini ma’lum qilgan.
Aslida bunday holatlar tez-tez uchrab turadi. Jamiyatimizda rus tilini biluvchilar ziyoli, boshqalar esa ingliz tili darajasi qanchalik yuqori bo‘lmasin, omidek ko‘rilishi shakllanib qolgan. To‘g‘rirog‘i, o‘zimiz shunday jamiyatni yaratib qo‘yganmiz. Qimmatroq restoran yoki do‘kon kassasida turgan rusiyzabon insonga o‘zimizga emas, unga qulay tilda gapirishga urinamiz. Vaholanki, xizmat ko‘rsatuvchi – u. U sizning ko‘nglingizni olishi kerak.
Ishga qabul qilishda ham soha mutaxassisligidan tashqari rus tilining majburiy bo‘lishi ko‘plab zamonaviy yoshlarga ma’qul kelmayapti. Chet ellik turistlar, rus tilida muloqot qiluvchi mijozlar bo‘lishi mumkin, xizmat ko‘rsatish sohasidagi bu talabni normal qabul qilish mumkin. Ammo ofisdagi bir rus xodim sababli butun jamoada rusiyzabon muhitni yaratayotganlarga nima deysiz? Axir allaqachon bu til davlat tili emas-ku.
Hatto buni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham yaxshi bilar ekan. So‘nggi kunlarda uning bir jurnalist bilan bo‘lgan qisqa bahsi internetda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ko‘pchilik bu yerda o‘zbek jurnalisti rus tilida gapirdi, deb o‘yladi. Aslida esa bu suhbat xorijiy Bloomberg nashrining muxbiri bilan bo‘lgan. Rubio undan mahalliy tilni bilasanmi, deb so‘ragan. Jurnalist esa bunga javoban rus tilida juda yomon gapirishini aytgan. AQSH Davlat kotibi esa kinoyali qilib: “Rus tili anchadan beri bu yerda davlat tili emas-ku”, deb hazil aralash dakki bergan.
Ajoyib suhbat: Amerikadan kelgan odam sening tiling qaysi ekanini eslatib qo‘ysa. Rubio – ma’lumotiga ko‘ra, biznesmen. Ammo eng qudratli siyosiy tizimga ega mamlakatdan kelayotganini inobatga olsak, uning so‘zlaridan ham allaqanday signallarni topish mumkin. Masalan, Samarqandga kelish oldidan u so‘nggi vaqtda O‘zbekistonda nimalar muhokama qilingani, yaqinda qaysi bayram bo‘lgani kabi bir qator ma’lumotlarni o‘rgangan bo‘lsa, ajab emas. Har holda, voqealar xronologiyasi mana shunday tartibda joylashib qolgani odamda har xil tasavvurlarni paydo qiladi.
Alifbo yangilandi
Aslida, yil davomida davlat tilining mamlakatdagi o‘rnini oshirish yuzasidan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shu jumladan, o‘tgan yili 22 oktyabr kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026 yildan boshlab yangi qurilayotgan turar joy majmualari nomlari davlat tilida bo‘lishi talab etila boshlandi. Shuningdek, ob’ekt pasporti, peshlavha va qurilish maydoni to‘siqlaridagi boshqa yozuvlar ham davlat tilida bo‘lishi, unga oid reklama va e’lonlarda o‘zbekchadan foydalanilishi majburiy etib belgilangan edi.
Yilning, balki so‘nggi o‘n yillikning til bilan bog‘liq eng katta islohoti, shubhasiz, alifbo bilan bog‘liqdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kunida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladi. Endi O‘ va G‘ o‘rniga Ö va Ğ, Sh va Ch o‘rniga esa Ş va Ç yoziladi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva esa buni uzoq yillik tarixiy xatoning tuzatilishi, deb atadi.
“Nihoyat, uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi. Bugun Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzoladilar”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, o‘zgarishlarning yana bir muhim jihati – Ng birikmasi alifbodagi mustaqil harf maqomidan chiqariladi, ammo tutuq belgisi saqlab qolindi. Yangi alifbo to‘g‘risidagi qonun rasman 21 apreldan kuchga kirishi belgilangan.
Gap faqat harflarning ko‘rinishida emas. Amaldagi yozuvda O‘ va G‘ harflarini apostrofga o‘xshash belgilar bilan ifodalash, Sh va Ch tovushlarini esa ikkita harf orqali yozish kompyuter klaviaturasida matn terish, elektron qidiruv, ma’lumotlarni qayta ishlash va turli tizimlarda yozuvlarni bir xil shaklda saqlashda noqulayliklar tug‘dirib kelgan. Yangi alifbo ushbu muammolarni kamaytirish va o‘zbek tilining raqamli muhitdagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Yangi alifboga o‘tish tizimli tashkil etilgan bo‘lib, shaxsni tasdiqlovchi va rasmiy hujjatlarda, milliy valyuta hamda qimmatli qog‘ozlarda, shu vaqtgacha chop etilgan kitoblarda va amaldagi darsliklarda eski alifbo saqlanib qolinadi. Belgilangan yangilash muddati kelgandagina ular yangi alifboda qayta chop etiladi. Ammo olti oydan so‘ng davlat organlari, rasmiy hujjatlar, nashriyotlar hamda ommaviy axborot vositalari to‘liq yangi alifboda ish olib bora boshlaydi.
Yuqoridagi islohotlarning maqsadi bir – o‘zbek tilini yanada iste’molga qulay va ommabop qilish. Biz ham shuni istaymiz: o‘zbek tili boshqa tillardan pastda turmasligini, o‘zbekzabonlarni – boshqalarning ham hurmatida bo‘lishini istaymiz. Zero, milliy til – milliy g‘urur demakdir.
Live
Barchasi