Buxoroda o‘qish boshlanish vaqti yana o‘zgardi

Jamiyat

image

Buxoro viloyati umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim jarayonlarining boshlanishi 11 yanvardan 16 yanvarga ko‘chirildi. Bu haqda Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Buxoro viloyati umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida kecha, 11 yanvar kunidan boshlab an’anaviy tarzda o‘qish boshlangani haqida xabar berilgan edi. Biroq viloyat hokimligi sovuq ob-havo sharoitida ko‘pchilik ota-onalarning murojaatlarini inobatga olib, Buxorodagi barcha ta’lim muassasalarida o‘qish 16 yanvar kunidan boshlanishi ma’lum qildi.

Shuningdek, viloyat maktabgacha ta’lim maskanlari ham o‘z ishini 16 yanvar kunidan boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 yanvaridan Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma-bosqich hamda Sirdaryo viloyatidagi mavjud maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari uchun 13 yanvardan, boshlang‘ich sinf hamda bog‘chalarda esa 16 yanvardan dars va mashg‘ulotlar boshlanishi haqida xabar berilgandi.

Bundan tashqari, Andijon va Xorazm viloyatlaridagi maktablarda 11 yanvardan ta’lim jarayonlari tiklanishi ma’lum qilingandi. 

Shu bilan birga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ham 11 yanvardan boshlab oliy hamda professional ta’lim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishini e’lon qilgandi.

Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi esa joriy yilning 5 yanvar kuni anomal sovuq sabab O‘zbekistondagi barcha maktablarda qishki ta’til 17 yanvargacha uzaytirilgani, 2022-2023 o‘quv yilining III choragi 2023 yilning 18 yanvaridan boshlanishini bildirgandi.

Gidrometeorologiya xizmati markazi esa mamlakatda anomal sovuq hafta oxirigacha davom etishini aytmoqda.

Ozoda Choriyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

OTM maktab bog'cha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing