Bu o‘ninchisi: Mirziyoyev yana bir davlat vazirini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ishida qatnashayotgan Quvayt Davlatining tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha davlat vaziri shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Sabohni qabul qildi.

Davlat rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladi. Quvayt tashqi siyosiy idorasi rahbarining ushbu tashrifi muloqot va almashinuvlarning faollashishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Quvayt tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Quvayt Amiri Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni, eng avvalo savdo, investitsiya va innovatsiyalar, moliya, oziq-ovqat xavfsizligi, axborot texnologiyalari, ta’lim va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida qo‘shma tadbirlar dasturini tayyorlashga kelishib olindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan konstruktiv ruhda fikr almashildi.

Bungacha Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel, RF Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Qozog‘iston Bosh vazirining o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Tojikiston TIV rahbari Sirojiddin Muhriddin, Qirg‘iziston Iqtisodiyot va moliya vaziri Aqilbek Japarov, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li va Saudiya Arabistoni Podshohligi Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Al-Saudni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

49

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing