Bu shunchaki “qiyomat” – BMT vakili Ukrainadagi vaziyat haqida

Olam 10597
image
-

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Ukrainada yana o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Tashkilotning gumanitar boshqarmalari esa mamlakat aholisi “qiyomat”ga duch kelayotganini ta’kidlamoqda.  

Oliy komissar ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganidan beri mamlakatda kamida 474 nafar tinch aholi halok bo‘lgan va 861 nafari yaralangan. 

Tinch aholi qurbonlarining aniq soni bugungi kundagidan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin. 

“Tinch aholi qurbonlarining aksariyati havo hujumlari va Rossiya kuchlarining keng diapazonli portlovchi qurilmalar, jumladan, og‘ir artilleriya va ko‘plab raketa otish moslamalaridan foydalanishi oqibatida qurbon bo‘lgan”, deydi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi vakili Liz Trossell.

BMTning Gumanitar masalalar bo‘yicha muvofiqlashtirish boshqarmasi rossiyalik harbiylarning o‘qqa tutishi va bir nechta raketa otish moslamalaridan foydalanishining davom etishi fonida tinch aholini xavfsiz evakuatsiya qilish va gumanitar yordam olish imkoniyatini ta’minlash uchun samarali tizim yaratish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.  

“Biz birinchi navbatda xavfsiz marshrutlarni aniqlashimiz kerak. Bizda kortejlarni jo‘natayotgan va kutib olganlarning aloqa raqamlari bo‘lishi kerak. Har bir harakatning aniq maqsadini bilishimiz kerak. Agar biror narsa noto‘g‘ri bo‘lsa, ishonch telefoni bo‘lishi lozim”, deydi boshqarma vakili Yens Lerke Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda.

Uning aytishicha, BMT rahbariyati konvoylarning xavfsiz o‘tishi bo‘yicha kelishuvga erishish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda. Mojaroni hal etish maqsadida har ikki tomon bilan muzokaralar olib borilmoqda.  

“Kechadan beri BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi delegatsiyasi Moskvada bo‘lib, Rossiya rasmiylari, jumladan, Mudofaa vaziri bilan aloqada. Kecha ular birinchi uchrashuvni o‘tkazdilar, bugun esa muzokaralar davom etdi”, deydi Lerke. 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan ikki hafta o‘tib, mamlakatdagi gumanitar vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. Millionlab tinch aholi hujum ostida qolmoqda. 

“Oddiy odamlar uchun bu shunchaki “qiyomat”, ularda asosiy ehtiyojlar tugab bormoqda. Hozir eng muhimi, hayotiy yordamning bu odamlarga yetib borishi. Bu savol hayot-mamot masalasimi? Albatta, ha. Gumanitar yordamning Mariupol va hozirda mojaro o‘chog‘ida turgan boshqa shaharlarga imkon qadar tezroq yetib borishi juda muhim”, deydi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakili Yuen Uotson.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 35
Reyting: 3.1
t
×