Bu boshqalarga dars bo‘lsin – Afg‘onistondagi qatl tafsilotlari ma’lum qilindi
Olam
−
25 Sentabr 2021
57697Bugun, 25 sentyabr kuni Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” jangarilari o‘g‘irlikda ayblangan shimoliy-g‘arbiy Hirot viloyatining to‘rt nafar vakilini qatl qilgani haqida xabar bergandik.
Hirot viloyati gubernatori o‘rinbosari Sher Ahmad Ammar Muhojir “Aamaj News” nashriga bergan intervyusida voqea tafsilotlari bilan bo‘lishdi.
“Bu qolganlarga dars bo‘lishi uchun o‘g‘rilarning jasadlarini chorrahaga osib qo‘ydik”, dedi gubernatori o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq bu jinoyatchilar bir tadbirkorni o‘g‘li bilan birga o‘g‘irlab ketgan. “Tolibon” harakati xavfsizlik kuchlari o‘sha jinoyatchilar iziga tushgan. Shaharning to‘rtinchi okrugida jinoyatchilar bilan otishma yuz bergan. Buning natijasida, jinoiy guruhning to‘rt a’zosi yo‘q qilingan, shuningdek, toliblardan biri jarohat olgan. Aynan o‘shalarning jasadi keyin osib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, harakat asoschilaridan biri mulla Nuruddin Turobiy “Associated Press” nashriga bergan intervyusida “Tolibon” o‘g‘irlik uchun qatl qilishni qayta boshlashni rejalashtirayotganini aytgan edi.
Ta’kidlanishicha, “Tolibon” 1996 yilda Afg‘onistonda hokimiyatga kelganida islom qonunlari me’yorlarini qat’iy bajarishga asoslangan rejim o‘rnatgan. Tartibni buzganlik uchun shafqatsiz jazolar – oyoq-qo‘llarni kesish, toshbo‘ron qilish, ommaviy qatl qilish choralari ko‘rilgan.
“Tolibon” sobiq hukumatida Adliya vaziri bo‘lib ishlagan, hozirda esa qamoqxona xizmatini boshqarayotgan Turobiyning aytishicha, oyoq-qo‘llarni kesish jazosi tiyib turish effektiga ega.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqatni shakllantirdi.
LiveBarchasi