Bu ahmoqgarchilikni to‘xtating! – Shtaynmayer Putinga

Olam

image

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bugun, 25 fevral kuni Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. 

“Prezident Putinga murojaat qilaman: bu urushning ahmoqgarchiligini to‘xtating, hoziroq!”,  deydi Germaniya davlat rahbari.  

Uning fikricha, Ukrainadagi voqealar ruslarga ham og‘ir oqibatlar olib keladi.  

"Barchangizga aytaman: biz rus xalqi bilan adovatni xohlamaymiz, aksincha. Lekin bu adolatsizlik aniq javobsiz qolmaydi", dedi Shtaynmayer. 

Germaniya Prezidentining ta’kidlashicha, Germaniya hukumati NATO va Yevropa Ittifoqidagi hamkorlari bilan reaksiya ustida ishlamoqda va Moskvani jilovlash uchun harakat qiladi.  

"Men bu hujumdan oldin gapirganman va yana aytaman: Rossiya Prezidenti demokratiyalar kuchini past baholamasligi kerak", deydi Shtaynmayer. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frank-Val'ter Shtaynmayer Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

106

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing